Eron G'arbga tashviqotni kuchaytirmoqchi


Eron parlamenti AQShning unga nisbatan tashviqot ishlariga javoban tegishli chora ko'rmoqchi. Eronda yangi ommaviy axborot vositasi tashkil etilib, xorijga xabar uzatadi.

Parlament yangi matbuot vositasi faoliyati uchun 50 million dollar ajratmoqchi. Yaqinda AQSh Kongressi ham Eronga fors tilida axborot uzatish uchun 50 million dollarni o'z ichiga olgan qonun loyihasini ma'qullagan edi.

G'arbda Eronga tegishli bir necha axborot agentliklari bor. Tahlilchilarga ko'ra ular faoliyatini noxolis, bir tomonlama olib boradi va hamisha AQSh, Isroil va Britaniya hukumatlarini tanqid qiladi. Biroq, deydi tahlilchilar, Eron ichidagi namoyish va protestlarni chetlab o'tadi.

Tahlilchilarga ko'ra Eronning G'arbdagi matbuoti ba'zida aql bovar qilmaydigan mavzularni ko'taradi. Masalan, yaqinda AQShning davlat sifatida tarqalib ketishi ehtimoli haqida gapirib, ayni damda undan Texas va Vermont shtatlari ajralib chiqmoqchi deb xabar tarqatgan.

Eron Yaqin Sharqdagi arab davlatlariga ham axborot uzatadi. Arab tilidagi dasturlarda ularning hukumatlari ham tez-tez tanqidga uchraydi yoki tasdiqlanmagan xabarlar yangraydi. Masalan, Eronga qarashli al Alam televideniyesi Saudiya Arabistonida davlat to'ntarishiga harakat bo'lib, shahzoda Bandar hibsga olingani haqida yolg'on ma'lumot tarqatgan.

Londondagi Arab va Eron izlanish markazi mutaxassisi Ali Nurizodaning aytishicha, Eron hukumati propaganda ishlariga ko'p pul sarflamoqchi bo'lgani bilan maqsadiga erisha olmaydi.

"Eronliklar Amerika Ovozi va Bi-Bi-Si kabi xorijiy matbuot kuchi va ta'sirini yaxshi biladi. Ularni tomosha qilib, tinglab boradi. Bu tashkilotlar keng qamrovli mavzularni yoritadi. Eronning xorijdagi matbuoti esa bu borada cheklangan. Shu sabab G'arb matbuoti bilan raqobat qila olmaydi," deydi Nurizoda.

Eron muxolifati ham davlat matbuotini noxolis deb ataydi. Chunki ularning aksariyati mamlakatda katta hokimiyatga ega Inqilobiy gvardiya nazorati ostida.

XS
SM
MD
LG