Obama: AQSh va Xitoy raqib emas, yaqin hamkor bo'lishi kerak


AQSh rahbari Barak Obama bugun Janubiy Koreyada. Ikki davlat Shimoliy Koreyani yadro dasturini tugatishga qaratilgan ko’p-tomonlama muzokaralarga qaytishga undamoqda.

Prezident Li Myong-bak bilan uchrashuvda Obama iqtisodiy hamkorlik to’g’risida ham gaplashadi.

Pekindan Seulga yo’l olish oldidan AQSh prezidenti yana bir bor Shimoliy Koreyani yadroviy yo’nalishda xalqaro hamjamiyat bilan kelishib ishlashga chaqirdi.

“Rasmiy Pxenyan ziddiyat va provokatsiya yo’lini tanlashi ham xavfsizlik, ham siyosiy-iqtisodiy jihatdan faqat o’ziga ziyon. Xalqaro majburiyatlarini tan olib, atom qurollaridan voz kechsa, uning oldida barcha darvozalar ochiq”, - deydi Barak Obama.

Yaqin orada AQSh Shimoliy Koreyaga o’z diplomatini yuborishi mumkin. “Maqsad”, deydi Obama, “yuzma-yuz muloqot qilish emas, Pxenyanni olti-tomonli muzokaraga qaytarish”.

Obama tashrifi oldidan AQShning Seuldagi elchixonasi yonida namoyish o’tgan. Gap shundaki, ikki yillik tanaffusdan so’ng rasmiy Seul yaqinda Afg’onistonga yana harbiy jo’natishga qaror qildi. “Janubiy Koreya”, deydi namoyishchilar, “terrorga qarshi urush nomi ostidagi botqoqqa oyoq qo’ymasligi kerak”.

Kecha Pekinda esa Xitoy rahbarlari bilan uchrashuvda iqlim muhofazasi, qurolsizlanish va boshqa qator global masalalar muhokama qilindi.

“Xitoy bilan munosabatlar nafaqat iqtisodiyot, balki global ahamiyatga molik boshqa mavzularni ham qamrab oladi. O’zaro ishonch va hamkorliksiz hal etib bo’lmaydigan masalalar”, - deydi AQSh prezidenti.

Bosh vazir Ven Tsiabaoning aytishicha ham Obamaning Pekinga ilk tashrifi AQSh-Xitoy aloqalarida yangi sahifa ochgan. Muhokamadagi mavzular keng ko’lamli va AQShning Xitoyga qarzi, mamlakat pul birligi - yuan qiymati, savdo va inson huquqlari kabi ziddiyatli masalalarni ham o’z ichiga olgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG