AQSh universitetlarida o'zbekistonlik yoshlar ko'paymoqda


Nyu-Yorkda asoslangan Xalqaro Ta’lim Instituti hisobicha, AQShda o’qib, izlanayotgan o’zbekistonlik talabalar soni o’tgan yilga nisbatan qariyb 30 foizga oshgan. Buni qarangki, bilim, tajriba izlab xorijga jo’nayotgan amerikalik yoshlar soni ham yil sayin ko’paymoqda.

Xalqaro Ta’lim Instituti 2008-2009 o’quv yili, talaba yoshlar soni va xohish-qiziqishlarini o’rganib, yaqinda hisobot chiqardi. Hujjatni ko’zdan kechirar ekansiz, studentlar migratsiya-to’lqini kuchayganiga guvoh bo’lasiz.

Oxirgi bir yilda Amerika kollej va universitetlarida o’zbekistonlik 688 talaba o’qib-malaka oshirgan. Bu o’tgan yilga qaraganda salkam 30 foizga ko’p. Institut izohicha, bunda AQSh elchixonasi qoshida ochilgan Ta’lim maslahat markazining xizmati beqiyos, Amerika kollej-universitetlari ham hozir ancha aktiv.

Aksariyat yoshlar Nebraska, Indiana, Texas (University of Nebraska-Omaha; Johnson and Wales University, Indiana University-Bloomington, Lone Star College System ) kabi shtatlardagi ta’lim maskanlarida o’qimoqda. Ular ko’pincha biznes, muhandislik, aniq fanlar, matematika, kompyuter va axborot texnologiyasi kabi yo’nalishlarni tanlaydi.

Xalqaro Ta’lim Instituti hisobotida aytilishicha, xorijlik studentlar AQSh iqtisodiyotiga yiliga 17 milliard dollar kiritadi. Hozir Amerika universitetlarida jami 670 ming xorijlik o’g’il-qiz bor. Shundan taxminan 3200 nafari Markaziy Osiyodan.

Institut vitse-prezidenti Peggi Blumental (Peggy Blumenthal) nazarida AQSh universitetlarida bilim olayotgan bu qiz-yigitlar Amerika qadriyatlari, madaniyati, biznes uslubini teranroq tushuna boshlaydi. Ular vataniga qaytib, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotda boshqaruvni qo’lga oladi. Qo’shma Shtatlarga mehri tushgan bu studentlar -- bo’lajak rahbarlar bilan ishlash, hamkorlik qilish ham unumliroq kechadi, deydi Peggi Blumental.

O’z navbatida amerikalik aksariyat yoshlar ham oliy ma’lumot, tajriba, boy taassurot izlab, xorij davlatlariga yo’l olmoqda. Ko’pi Yevropa, Lotin Amerikasi, Xitoy va Hindistonni tanlaydi.

Yaqinda universitetni bitirgan Karolin French Ispaniya, Argentina va Braziliyada tahsil olgan. Chet tillarini bilish, ko’p o’qish kerak, deydi u.

Uning aytishicha, AQSh xalqi dunyoda boshqa yurtlar, boy madaniyatlar borligini, o’zgacha qarashlar mavjudligini tushunib yetishi kerak. Bu davlat-xalqlar bilan teng raqobat qila olishimiz kerak, deydi talaba.

Xalqaro Ta’lim Instituti ta’rifi bilan aytganda, bu -- jahon miqyosida kuzatilayotgan manzara. Vatanda emas, o’zga yurtda ilm izlab yurgan yoshlar soni hozir uch milliondan oshgan. 2025 yilga borib, bu raqam sakkiz milliondan oshishi taxmin qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG