AQSh diplomati Jorj Krolning Toshkentga safari xulosalari


Qo’shma Shtatlar O`zbekistonning energetik salohiyati, bu boradagi hamkorlikka qiziqish bildirmoqda.

Shu hafta Toshkentga safar qilgan AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Jorj Krol (George A. Krol) o`zbek rasmiylari va “O'zbekneftgaz” kompaniyasi vakillari bilan muzokara o'tkazgan.

Vashington-Toshkent o’rtasida bu kabi safar va muloqotlar faollashgani sari aloqalar ham mustahkam bo’lib boradi, deydi Kroll.

AQSh rasmiysi nazarida fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo`yicha muzokaralar vaqt talab etadi. (Jorj Krolning "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusi)

Krol O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, O`zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, ivestitsiya va savdo vaziri Elyor G`aniyev, “O`zbekneftgaz” kompaniyasi, O`zbekiston savdo palatasi vakillari bilan muzokara o`tkazgan.

Jurnalistlar bilan uchrashgan Jorj Krol o`z safarini AQSh diplomatlarining mamlakatga avvalgi tashriflarining mantiqiy davomi ekanini ta`kidladi. Uning aytishicha, AQSh-O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirish harakati davom etmoqda, hamkorlik biznes, ta`lim, sog`liqni saqlash va boshqa yo`nalishlarni nazarda tutadi.

“Biz nafaqat hukumatlar, balki Amerika va O`zbekiston xalqari o`rtasidagi munosabatlarni ham rivojlantirishni istaymiz. Aloqalarimiz chuqurlashishi O`zbekistonga qilinadigan tashriflar tezlashishi, shuningdek, O`zbekiston tomonidan ham amalga oshadigan safarlar bilan kuzatiladi”, - dedi AQSh davlat kotibi yordamchisini o`rinbosari.

Jorj Krol Turkmanistonda o’tgan xalqaro neft va gaz ko’rgazmasidan so’ng Toshkentga kelgan. “O’zbekneftgaz” kompaniyasidagi uchrashuvlarda O’zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari, energetik zaxiralar eksportida AQSh texnologiyalari bilan ko’mak ko’rsatish masalalari ham ko’rib chiqilgan.

AQSh rasmiysiga ko'ra, O'zbekistonga investitsiyalar jalb qilinishi asosan mamlakatdagi sarmoya muhitiga bog’liq.

“Investitsiya kiritadigan kompaniyalar bu yerda qonunlar shaffofligiga, biznes uchun qanday imkoniyatlar mavjudligiga e`tibor qaratadi”, - dedi AQSh rasmiysi.

Jorj Krolning safari chog’ida asosan Afg’oniston bo’yicha hamkorlik haqida gapirishi ta’kidlangan edi. AQSh rasmiysiga ko’ra, Afg’oniston bo’yicha yangi kelishuvlar, shuningdek, O’zbekistonda harbiy baza ochish haqida muzokara borayotgani yo’q. AQSh Afg’onistonga ko`rsatilayotgan ko`mak uchun O`zbekistondan minnatdor.

“Shimoliy tranzit” – O’zbekiston orqali Afg`onistonga o`tayotgan noharbiy yuklar hajmi ortib bormoqda. Afg`onistonga o`tayotgan tranzit yuklari uchun O`zbekiston qanchadan haq olayotgani sir tutiladi.

Uchrashuvda AQSh O`zbekistonda fuqarolik jamiyatining shakllanishi uchun, qamoqda saqlanayotgan mustaqil jurnalistlarni ozodlikka chiqarish uchun qanday yordam ko`rsata olishi so`raldi. Jorj Krolga ko`ra, bu borada O`zbekiston hukumati bilan muloqot olib borilmoqda. Jarayon vaqt talab qiladi.

“Vilyam Berns tashrifi chog`ida o`zaro maslahatlashuv mexanizmini tashkil qilishga kelishilgan edi. Ushbu safardan ko`zda tutilgan maqsadlardan biri ham muloqotni yo`lga qo`yishdir. Muloqot hozirgi uchrashuvda bildrilgan ko`plab savollarni qamrab oladi”,- dedi Jorj Krol.

Fuqarolik jamiyati vakillariga ko`ra, AQSh O`zbekiston hukumati bilan aloqalarini rivojlantirar ekan, dunyo bo`yicha demokrtik qadriyatlar va inson huquqlari himoyachisi sifatida o’z o’bro’sini to’kmoqda. Mahalliy faollarga ko`ra, so`nggi paytda huquq himoyachilari, nomozxonlarga nisbatan taz’yiqlar kuchaygan, qiynoqlar qo`llanishi ko`paygan.

XS
SM
MD
LG