Eronda yadro inshootlari himoyasiga qaratilgan harbiy mashqlar


Eron yadroviy inshootlarini himoya qilishga qaratilgan yirik harbiy amaliyot o’tkazmoqda.

Mamlakatning turli qismlarida, 600 ming kvadrat kilometr maydonda o’tayotgan mashqlar bir hafta davom etadi.

Eslatib o’tamiz, Eron yadro dasturi yuzasidan navbatdagi muzokaralar samarasiz tugagan. Rasmiy Tehron BMT taklif qilgan reja - uranni mamlakatdan tashqarida boyitishga rozi emas.

Eronni yadro quroli yaratishda gumon qilayotgan G’arb jazo choralari haqida ogohlantirar ekan, Eron ham harbiy, ham diplomatik jabhada harakatni kuchaytirmoqda.

Havo kuchlari qo’mondoni Ahmad Mighaniyning aytishicha, “mamlakat mudofaa strategiyasini yangilamoqda. Harbiy mashqlar muntazam qo’shin va Inqilobiy Gvardiya ishtirokida o’tadi. Maqsad – yangi qurollarni va kommunikatsiya tizimlarini sinovdan o’tkazish, yadro inshootlariga ehtimoliy hujumni qaytarish”.

BMT taklif etgan rejaga muvofiq, uran uchinchi bir davlatda kerakli darajada boyitilib, Eronga qaytarilishi kerak edi. Rasmiy Tehron buni “mantiqsiz” deya rad etgan, ammo Turkiya bilan alohida muzokara olib borayotgani ma’lum.

Tahlilchi Meir Javedanfar deydiki, “rasmiy Tehron xalqaro bosimga javoban o’zini himoya qila olishini, iqtisodiy sanksiyalardan va xalqaro sahnada yakkalanib qolishdan qo’rqmasligini ko’rsatishga harakat qilyapti”.

AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya, Fransiya va Germaniya diplomatlari Bryusselda yig’ilib, Eron hukumatini taklif haqida qayta o’ylab ko’rishga da’vat etgan. BMT qoshidagi Xalqaro Atom boshqarmasi rahbari Muhammad al-Barodiy fikricha Eronga yana sanksiya qo’yish bilan biror natijaga erishish qiyin. Yil oxirigacha vaqt beraylik, deydi u.

XS
SM
MD
LG