Breaking News

O'zbekistonda cho'chqa grippi vahimasi hukm surmoqda


O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligining bildirishicha, mamlakat cho'chqa grippiga qarshi kurashga tayyor.

Rasmiylarning aytishicha kasallik shu paytgacha qayd etilmagan.

Lekin mutaxasisslar deydiki, virus O’zbekistonga yetib kelgan, hozircha epidemiya darajasida emas xolos.

Aholi orasida cho’chqa grippining og'ir asoratlari, jumladan H1N1 virusi tufayli o'lganlar soni ko’payayotgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi qoshidagi Virusologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyevning O'zbekiston axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, izchil chora tadbirlar natijasida A (H1N1) grippini mamlakatga kirishining oldi olingan.

Mamlakatda cho’chqa grippi qayd etilganmi - yo'qmi, Musaboyev buni aniqlashtirmaydi.

“Tibbiy huquq” klinikasi rahbari, shifokor Vohid Karimovning ta’kidlahischa O'zbekistonda mazkur gripp bilan kasallanganlar yo'q deyish noo'rin, faqat bu holat hali epidemiya darajasida kuzatilmagan.

Vohid Karimov fikricha O'zbekistondagi vaziyatni epidemiya arafasida deb qayd etish to'g'riroq bo'ladi. Bir tomondan gripp mavsumi boshlangan, ikkinchi tomondan esa ko'plab mehnat muhojirlari vatanga qaytmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligining bildirishicha aholining faol qatlami grippga qarshi emlangan. Zarur dori-darmonlar zaxirasi mavjud. Gripp virusini tez aniqlash imkoniyatini beruvchi zamonaviy uskunalar o'rnatilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra O'zbekiston A(H1N1) grippiga qarshi vaksinalarni Germaniyadan sotib olgan. Bu vaksinalar aholi uchun ancha qimmatligi ta'kidlanadi. Shu bois birinchi navbatda faol muloqot guruhiga kiruvchi kishilarni emlash lozim topilgan.

“Hozir asosan shifokorlar, o'qituvchilar va faol qatlamga kiruvchilar emlangan. Vaksina aholi uchun ancha qimmat”, -deydi Vohid Karimov.

Dori-darmonlar qimmat va ayniqsa soxta vositalar ko'paygan bir paytda cho'chqa grippi tug’dirayotgan xavf odamlar hayotini yanada qiyinlashtirgan.

“Bu chochqa grippi degani ayniqsa yurakka ta’sir qilmoqda. Agar tomoq og'riq biror asorat qoldirgan bo'lsa, odamlar astmadagi kabi nafas qisilishidan o'lib qolishayapti. Dori-darmonlarning sifati tushib ketgan, ta’siri yo`q. Emlash degan narsa unutilgan”, - deydi toshkentliklardan biri.

Sog'liqni saqlash vazirligi aholi orasida grippga qarshi targ'ibotni kuchaytirgani kuzatiladi. Maktablarda va boshqa jamoat joylarida xavfsizlik niqoblarini taqish majburiy belgilangan.

Yaqinda O'zbekiston cho'chqa grippi tahdidi bois Qozog'iston bilan chegarani vaqtincha yopib qo'ydi. Qirg'izistonda grippdan bir necha kishi o’lgani qayd etiladi.

O'zbekistonda ham gripp tufayli o`lim holatlari ko`paygani tilga olinadi. Toshkentdagi 16 – shoshilinch tibbiy markazda bir necha odam cho`chqa grippidan vafot etgan. Rasmiy idoralar bu ma`lumotlarni tasdiqlamagan.

“Shifokorlarning o'zlari aytib turgandan keyin ishonmay bo'ladimi? Tez yordamdan kelgan shifokor aytayapti. Emlash kerak odamlarni. Nega bizda bunday narsalar yo’q”? – deya kuyunadi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolardan biri.

A(H1N1) grippini O'zbekiston sharoitida o'zini qanday ko'rsatishi hali to'liq o'rganilmagan.

XS
SM
MD
LG