Qonunchilar Afg'oniston strategiyasi bo'yicha turlicha fikrda


Prezident Barak Obama Afg'oniston strategiyasi bo'yicha qarorini ma'lum qilishi kutilar ekan, qonunchilar bundan keyin Afg'onistonda qanday siyosat yuritish kerakligi borasida turlicha fikrda. Qonunchilarning masalaga munosabati muhim ahamiyatga ega, chunki strategiyani amalga oshirish uchun zarur mablag'ni Kongress beradi.

Yangi strategiya Afg'onistonda prezident saylovlari taqdiri hal bo'lgach ma'lum qilinadi deyilgan edi. Ammo Hamid Karzay qasamyod keltirganidan deyarli bir hafta o'tib ham, Oq uy lom-lim demayapti.

Respublikachi senator Lamar Aleksandr qaror tezroq qabul qilinmasa, qaltis vaziyatga tushib qolamiz deydi.

Yana bir respublikachi senator Kit Bond prezident Obamaning qo'shinlarni chiqarishga muhlat belgilash kerak degan gapini tanqid ostiga oldi.

"Bu nafaqat Afg'onistondagi missiyani muvaffaqiyatli yakunlashimizga shubha tug'dirmoqda, balki afg'on xalqiga sabotimiz yetmadi deyish hamdir. Ularning ishonchini qozonishimiz lozim," deydi Bond.

Boshqa qonunchilar nazarida qo'shinlarni ko'paytirish bilan Tolibonni yengib bo'lmaydi. Demokrat senator Arlen Spekter shular jumlasidan.

"Bu so'nggi chora bo'lishi lozim. Agar al Qoida Yamanda ham, Somalida ham faol ekan, nega hech kim asrlar davomida g'alaba qozona olmagan Afg'onistonda ularga qarshi kurashishimiz kerak," deydi qonunchi.

AQSh jamoatchiligi orasida ham urushga xayrixohlik so'nib bormoqda. Aksariyat tahlilchilar nazarida prezident Obama qo'shinlarni oshirishga oshiradiku, ammo AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal so'raganidek 40 ming askar yubormasligi mumkin.

Bu orada esa Afg'onistonda xurujlar davom etmoqda. Bugun mamlakat sharqida bomba portlab, bir amerikalik harbiy halok bo'lgan. Kecha janubdagi Hilmand viloyatida esa xuruj AQShning ikki zobitini nobud qilgan. Yana biri jangarilar bilan to'qnashuv paytida o'lgan. So'nggi ikki kun ichida afg'onlardan 8 askar halok bo'lgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG