Sog'liqni saqlash tizimi islohoti Kongress muhokamasida


AQSh Senati prezident Obamaning sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilishga kirishmoqda. Kuzatuvchilarga ko'ra ushbu muhim mavzudagi munozara kelasi yilgi Kongress saylovlari natijalariga bevosita ta'sir qilishi mumkin.

Kongressga saylovlar yaqinlashayotgani sari qonunchilar o'z saylovchilarining mavzu bo'yicha fikr-munosabatlarini jiddiy qabul qilishga majbur. Yaqinda Vakillar Palatasi sog'liqni saqlash islohotini o'z ichiga olgan qonun loyihasini ma'qullagan edi. Endi navbat Senatga. Ammo masalani ovozga qo'yishdan oldin uni obdon muhokama qilish lozim. Masalani muhokamaga chiqarish ham ovoz berish orqali amalga oshiriladi.

Shanba kuni demokratlar tashabbusi bilan olg'a surilayotgan loyihani munozaraga chiqarish ko'pchilik tomonidan ma'qullangan. Illinoys shtatidan demokrat senator Dik Durbin bu prezident Obamaning yana bir siyosiy g'alabasi deydi.

"Respublikachilarning ba'zilari xalqimizga xizmat qiluvchi ushbu qonun loyihasiga ovozini ayamaydi deb umid qilaman," deydi u.

Ammo muxolifat saylovchi islohotlar unga qimmatga tushishidan va sog'liqni saqlash tizimi davlat nazoratiga o'tishidan xavotirda deydi.

Oklaxoma shtatidan respublikachi senator Tom Koburnning aytishicha, ushbu qonun bilan sog'liqni saqlash tizimidagi teshiklarni yopib bo'lmaydi.

"Biz dardni emas, simptomlarini davolashga harakat qilyapmiz," deydi qonunchi.

Qo'shma Shtatlarda ba'zi rivojlangan davlatlar singari umumiy davlat sug'urta dasturi yo'q. Hukumat kam daromadli oilalar va qariyalarga tibbiy yordam olishda madad beradi, biroq amerikalikarning aksariyati sug'urta uchun xususiy kompaniyalarga murojaat qiladi.

Kaliforniya shtatidan demokrat qonunchi Dayen Faynstaynning aytishicha, deyarli har bir rivojlangan davlatning sog'liqni saqlash tizimi Amerikanikidan ustun. Unga ko'ra, AQSda tibbiy xizmat juda qimmat, ba'zi joylarda sifatsiz.

Respublikachilar islohotlar kerak, ammo demokratlar taklif qilayotganidek emas, deydi.

XS
SM
MD
LG