Xitoy Shinjonda "taraqqiyot", uyg'urlar "ko'zbo'yamachilik" demoqda


AQSh Guantanamodagi uyg'ur mahbuslarni yaqinda ozod etib, Bermuda va Palau orollariga jo'natgani Xitoy noroziligiga sabab bo'lgan edi. Rasmiy Pekin ularni terrorchi deb biladi va unga chiqarilishini talab qiladi. Uyg'urlar nazarida Xitoy ozchilikdagi bu millat vakillarining hammasiga terrorchi va bo'lginchi tamg'asini qo'ygan.

Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, oddiy uyg'urlar Xitoydan ajralishni talab qilayotgani yo'q. Shunchaki taq'iblarni to'xtatib, hayotlarini yaxshilash uchun imkoniyatlar yaratishda yordam so'ramoqda xolos.

Jorj Vashington universiteti professori Shon Roberts Xitoydagi vaziyatni Sovet Ittifoqida ruslarning boshqa millat vakillariga nisbatan muomalasiga qiyoslaydi.

"Toshkentda 1989 yili o'qishda bo'lganimda, rus va o'zbeklar o'rtasidagi munosabatlarga e'tibor qaratganman. Har bir joyda bo'lgani kabi mayda etnik tortishuvlar tabiiy hol edi, ammo davlat siyosatini oladigan bo'lsak, o'zbeklar ahvolidan nolimas, markaziy hukumatni ayblamas edi."

Biroq Shinjonga borgach, boshqa kommunistik davlatda ahvol o'zgacha ekaniga guvoh bo'ldim, deydi olim.

"Uyg'urlar va xitoylar o'rtasida ziddiyatlar kuchli ekanini ko'rdim. Bunga bir sabab shuki, Xitoy konstitutsiyasida, Sovet Ittifoqinikidan farqli o'laroq, davlat sub'yektlari Xitoydan ajralish huquqidan mahrum. SSSRda esa nazariy jihatdan har bir ittifoq respublikasi undan qonunan chiqishi mumkin edi," deydi Shon Roberts.

Mutaxassis nazarida ba'zilarning Xitoy ozchilikdagi guruhlarga nisbatan siyosatini Sovet Ittifoqidan ko'chirgan degan da'volari haqiqatdan yiroq. Ikki yirik kommunistik davlat siyosatini qiyoslashda davom etar ekan, Shon Roberts Xitoy yaqingacha Shinjonni rivojlantirishga qo'l urmaganini aytib, Sovet Ittifoqi boshidan respublikalar infratuzilmasini yaxshilashga, ta'lim tizimini kuchaytirishga kirishgan deydi.

Xitoy so'nggi paytda Shinjonni rivojlantirishga zo'r berganini, ozchilikdagi uyg'urlarga xitoylardan ham ko'proq sharoitlar yaratilganini, oliy o'quv yurtlariga kirishda ular uchun maxsus imtiyozlar borligi haqida ko'p gapirib, uyg'urlarni noshukurlikda, to'qlikka sho'xlik qilayotganlikda ayblaydi.

Ammo, deydi Vashingtondagi uyg'ur faoli, huquqshunos Nuri Turkel, bularning barchasi ko'zbo'yamachilik.

"Xitoy maktab quryapmiz, yo'l solyapmiz, rivojlantiryamiz deydi-yu, bularning barchasidan uyg'urlar emas, Sharqiy Turkistonga kelgan xitoylar bahramand bo'lmoqda," deydi faol.

Rasmiy Pekin uyg'urlar savodxonligini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida minglab yosh uyg'ur juvonlarini mamlakatning boshqa chekkalariga o'qish va ishga yuborayotganini aytadi. Nuri Turkel nazarida esa hukumat bu bilan Shinjonda uyg'urlar sonini kamaytirish, qizlarini xitoylarga turmushga chiqarib, uyg'ur naslini yo'qotishni maqsad qilgan.

"Sharqiy Turkistonga esa ko'plab xitoylar ko'chirilib, aholi tarkibini o'z foydasiga o'zgartirishga harakat qilmoqda," deydi u.

Sovet Ittifoqining qulashiga olib kelgan muhim omillardan biri etnik ziddiyatlar va mayda xalqlarning istiqlolga intilishi deya tilga olinar ekan, professor Roberts Xitoy misolida bu hol jiddiy rol o'ynamasligini aytadi.

"Sabab shuki," deydi u, "bir tomondan uyg'ur, Tibet va boshqa xalqlar son jihatdan xitoylardan ancha kam bo'lsa, boshqa tomondan Sovet Ittifoqi iqtisodiyoti Xitoyniki kabi global qudrat va ta'sirga ega bo'lmagan."

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG