Illinoysning kichik shahri yangi Guantanamo bo'lishga tayyor




Barak Obama Kubaning Guantanamo bo’g’ozidagi qamoqxonani yopishni ko’zlar ekan, hukumat avvalo u yerdagi asirlar qayerga boradi, taqdiri nima bo’ladi degan savolga javob berishi kerak.

Terrorizmda gumon qilinib, Guantanamoga olib borilgan 500 dan ortiq kishining yarmi vataniga qaytarilgan, boshqalariga o’zga davlatdan boshpana topilgan, qolgan qariyb 200 nafariga nima bo’ladi, hozircha mavhum.

Oq Uy ularni AQShdagi xavsizlik choralari o'ta mustahkam qamoqxonalarga ko’chirish ustida o’ylanmoqda. Ayrim shtatlar bunga qarshi.

Ammo Illinoys (Illinois), Obama senatorlik qilgan shtat, uzoq davrdan beri bo’sh yotgan turmalaridan birini taklif qilmoqda.

2001 yilda qurilganida bu shtatidagi Tomson (Thomson) ahloqni tuzatish lageri ashaddiy jinoyatchilarni saqlash uchun mo’ljallangan edi.

Lekin mana sakkiz yildirki, qamoqxona bo’m-bo’sh, ochilmagan hisob.

“Shtatimiz tarixda buncha katta mablag’ sarflamagan. Nima foyda ko’rdik bu joydan”? – deya ajablanadi Jonatan Uitni, jurnalist, mahalliy gazeta bosh muharriri.

“Tomson juda kichik joy, lekin uni Amerikaning qoq yuragida joylashgan shahar deyishadi . Men yuritadigan gazeta 1863 yildan beri chiqadi. Shahrimiz – faxrimiz”,- deydi jurnalist.

Agar Illinoys shtati taklifi Kongress va Oq Uyga ma’qul tushsa, bu turma federal hukumat tomonidan sotib olinadi.

Mississippi daryosi bo’yidagi 600 aholilik Tomson hozir Guantanamoda o’tirgan 200 ga yaqin asirni o’z bag’riga oladi.

Jamoatchilik bunga tayyor deya tushuntiradi Tomson hokimi Jerri Xebeler.

“To’g’ri, terrorist deganda odamlar qo’rqib ketadi. O’zim ham shunday edim”,- deydi hokim.

Biroq, deydi Jerri Xebeler, turma ishga tushsa, bu shahar iqtisodiyotiga foyda keltirgan bo’lar edi.

“Mana shu qamoqxona ochilsa, 3000 ish o’rni paydo bo’ladi. Bizning hisobimizcha kelasi to’rt yilda bir milliard dollar daromad olishimiz mumkin. Bungay imkoniyatga yo’q deya olmaymiz”,- deydi Jerri Xebeler.

Tomson Amerikaning ishsizlik keng tarqalgan shaharlaridan biri. Imkoniyatlar bu yerda ko’p emas.

Jonatan Uitni singari jurnalistlar esa iqtisod deb qamoqxona ochishning nima keragi bor deb so’ramoqda.

"U baribir federal hukumatniki bo’ladi, aholi bu masalada biror kuchga ega emas. Odamlar uchun xavfsizlik, tinchlik eng muhimi", - deydi matbuotchi.

“Qamoqxona boy joyda tartibsizlik, jinoyat ham chuqur ildiz otadi. Bizga chet ellik jinoyatchilar kerak emas. Hayot hozir oson emas, lekin tinch yashayapmiz”,- deydi jurnalist.

Shahar hokimi esa odamlarni ortiqcha vahimaga berilmay kengroq fikrlashga undamoqda.

“Xavfsizlik hamma uchun muhim. Umidni boy bermaslik kerak. Odamlarga ish kerak, maosh kerak. Turma ochilsa, bizga yomon bo’lmaydi”,- deydi Jerri Xebeler.

Illinoysning bu kichik shahri Guantanamodagi asirlarning navbatdagi manzili bo’ladimi yo’qmi, bu hozircha noma’lum.

Michigan, Montana va Kolorado kabi shtatlarda ham ko’z ostiga olingan turmalar bor.

XS
SM
MD
LG