Breaking News

Islomga kirgan amerikalikning hikoyasi...(video)


Amerika Qo'shma Shtatlarida musulmonlar turli manbalarga ko'ra 5-7 millionni tashkil etadi. Ularning aksariyati musulmon davlatlardan kelgan odamlar yoki ularning Amerikada tug'ilgan farzandlari bo'lsa, judayam oz qismi islomni qabul qilgan boshqa din vakillaridir. Ular orasida Amerikaning mashhur odamlari ham bor - basketbolchi Karim Abdul Jabbor, bokschilar Muhammad Ali va Mayk Tayson, kongressmen Kit Ellison, sobiq ruhoniy Yusuf Estes va boshqalar.

Musulmon bo'lgan amerikaliklarning aniq soni ma'lum emas, ammo Amerika-Islom aloqalari kengashi hisobicha, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so'ng 34 mingga yaqin amerikalik islomni qabul qilgan.

23 yoshli Zakari Vest islomga 11 sentyabr voqealaridan keyin kirmagan bo'lsa-da, qarorimni voqealar ta'siri ostida qabul qilganman deydi. O'tgan yili Rojdestvo bayrami arafasida cherkovga borish o'rniga masjidga yo'l olib, kalima keltirdi.

"Dinlar haqida maktabda ham, universitetda ham darslar olganimda islom haqida yetarlicha o'rgandim deyolmayman. Juda ko'p savollar javobsiz qoldi. Oliygohda Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq bo'yicha ta'lim olar ekanman, mintaqa xalqlari hayoti va davlatlari siyosatining asosi bo'lgan bu dinni chuqurroq o'rganish maqsadida Rojdestvo arafasida Qur'on kitobini sotib olib, o'qib chiqdim. Barcha savollarimga javob topganday bo'ldim," deydi u.

Zakari yoshligida besh yil mahalliy cherkov mehrobida xizmat qilgan. "Ammo shuncha vaqt ichida ruhoniy ismimni ham eslab qolmadi. Masjidda esa meni iliq kutib olishdi" deydi.

"Masjidga borishdan oldin vujudim xavotirga to'ldi. Ota-onamga qayerga va nega ketayotganimni aytmadim. Musulmonlar meni qanday kutib oladi, birorta terrorchi guruhga tushib qolsamchi degan savollar qiynadi. Axir birorta musulmon tanishim yo'q edi. Hech kim bungacha men bilan islom haqida gaplashmagan edi."

Zakarining shahodat aytishiga guvohlik qilgan imom Mahamid Majid to'q oiladan chiqqan, nasroniy, oq tanli amerikalikni masjidda ko'rib hayron bo'ldim deydi.

"Zak ko'rinishidan musulmonga o'xshamas edi. Diqqatimni darrov o'ziga tortdi. "Men islomni qabul qilgani keldim" dedi. Ko'nglimni ko'targan narsa shu bo'ldiki, ota-onasi qaroriga qarshi chiqmadi. Masjidga kelishdi. Onasi markazimizdagi islom haqidagi darslarga qatnadi. Bora-bora Zakarining iymoni kuchli ekanini ko'rdim," deydi imom Majid.

Zakari Vest besh mahal namozni kanda qilmaydi. Masjidga tez-tez chiqib turadi. Umridagi ilk Ramazon oyida bir kun qoldirmay ro'za tutdi. Ko'pchilik musulmonlar uni taniydi, hurmat qiladi. Mehmonga chaqirib turishadi.


"Amerikada shunday ajoyib insonlar jamoasi borligini bilmay yurgan ekanman. Judayam mehribon odamlar," deydi u.

Zak Vashington tashqarisidagi katta uyda ota-onasi bilan turadi. Xonasida islom haqida bir necha kitoblar va Qur'on bor. Har kuni mutolaa qiladi. Uyda Yaqin sharqliklarning uzun libosida yuradi. Soqol qo'ygan. Onasi Meri Enn Vest o'g'limning qarorini hurmat qilaman deydi.

"Men tor fikrlaydigan odam emasman. Yoshligimda ota-onam ba'zi narsalarni menga yoqmasa ham majburan singdirmoqchi bo'lgan. Men farzandlarimga bunday muomala qilmayman. O'g'limning har biri ishida uni qo'llab-quvvatlab kelganman. Ba'zilar menga "xavotir olmang, bu o'tkinchi qiziqish, o'tib ketadi" deya yupatishga harakat qiladi, ammo men hech ham xavotirda emasman. Albatta Zakning tashqi ko'rinishi va o'zini tutishida ayrim narsalar odamlarga yoqmasligi mumkin, ammo hammaning ham ko'nglini olib bo'lmaydi. Agar o'g'lim bu ishlarni iymon yo'lida qilayotgan bo'lsa, hech ham qarshiligim yo'q," deydi uning onasi.

Zakari musulmonlar bilan tanishgan sayin islomni qabul qilgan boshqa odamlar bilan do'st tutindi. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so'ng musulmon bo'lgan va Bilol Abdussabur ismini olgan qora tanli yigit Zakari bilan masjidda u kalima keltirgan kun tanishgan.

"Ota-onasining munosabatiga qarab, unga havas qilaman. Musulmon bo'lganimga 8 yil to'libdiki, oilam haligacha mendan norozi. Oyim "hayotingda eng katta xatoga yo'l qo'yding" deydi. Uyda din haqida ko'p gaplashmaymiz. Menga kelsak, terror xurujlaridan so'ng islom haqida ko'proq bilishni istadim. Uni tushungim keldi. Qur'onni o'qigach esa, Yaratganning so'zlarini his qildim," deydi Bilol.

Zakari Vest islom haqidagi bilimlarini kengaytirmoqchi. Masjidda turli ishlarga qarashib, ko'ngillilik qiladi. Qurbon Hayitni Janubiy Karolina shtatida istiqomat qiluvchi so'filar doirasida o'tkazmoqchi.

XS
SM
MD
LG