Breaking News

Xalqaro atom agentligi Eronga doir rezolyutsiya qabul qilgan


BMTning Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentligi rahbari Muhammad al Barodiyning aytishicha, Eron yadro dasturi bo'yicha tekshiruvlar boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Agentlik dasturni qoralovchi rezolyutsiya qabul qilgan.

Al Barodiy nazarida Eron agentlik bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Idora rahbari oy oxirida iste'foga chiqar ekan, so'nggi paytda uning bayonotlarida Eronga nisbatan tanqidiy fikrlari keskinlashgan.

Ma'lumki, Eron g'arb davlatlari taklif qilganidek, uranni xorijda boyitish rejasini rad etgan. Xalqaro hamjamiyat bu bilan Tehron atom dasturini yaqindan kuzatib, yadro quroli yaratilmayotganligiga ishonch hosil qilmoqchi edi.

"Eronga taklif etilgan shartnoma ko'p yillik adovatni chetga surib qo'yib, muzokaralar boshlash uchun yaxshi imkoniyat edi. Undan unumli foydalanish kerak, aks holda keyin afsusda bo'lamiz," deydi al Barodiy.

Eron uran boyituvchi yana bir majmuani ikki yil burun yashirincha qurishga kirishib, 2011 yilda bitkazmoqchi bo'lgani sentyabr oyida xalqaro jamoatchilikka oshkor bo'lgan edi.

"Atom agentligi rahbari nazarida Eron bu bilan yadro dasturimiz tinch maqsadlarga qaratilgan degan bayonotlarini shubha ostiga qo'ymoqda."

Agentlik qabul qilgan rezolyutsiyada Erondan yangi inshoot qurilishini to'xtatish talab qilinib, boshqa yashirin majmua yo'qligini tasdiqlash so'raladi. Eronning atom agentligidagi elchisi Ali Asqar Sultoniyaga ko'ra, bu bilan xalqaro hamjamiyat Eron bilan yadro dasturi bo'yicha hamkorlik olib borish ehtimolini susaytirmoqda.

Atom energiyasi bo'yicha agentlik 2006 yildan beri Eronga qarshi rezolyutsiya qabul qilmagan edi. Rossiya va Xitoy shu paytgacha Eron yonini olib, unga qarshi qaratilgan hujjatlarning qabul qilinishiga yo'l qo'ymas edi, biroq bu safar Eron va'dalaridan charchagan Xitoy ham, Rossiya ham, va agentlikning yana 23 a'zosi rezolyutsiyaga ovoz bergan. Bu esa Eronga nisbatan qo'shimcha sanksiyalarga yo'l ochishi mumkin.

Agentlik taklifiga ko'ra, Eronning kam boyitiligan urani uning energetik va tibbiy ehtiyojlari uchun xorijda qayta boyitilib, qaytarilishi ko'zda tutilgan edi. Ammo Eron ikki oy burun berilgan taklifni rad etgan.

Qo'shma Shtatlar rezolyutsiyaning qabul qilinishidan mamnun ekanini bildirib, ushbu masalada dunyo hamjihatlik ko'rsatmoqda deydi.

AQShning atom agentligidagi elchisi Glinn Deyvisning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Eron yadro dasturi bilan bog'liq munozarani tinch, diplomatik yo'l bilan hal etish tarafdori, ammo xalqaro hamjamiyat sabr-kosasi to'lib bormoqda.

Eron boshqa yo'lni tanlashi kerak, deydi AQSh rasmiysi. Uning aytishicha, prezident Obama yil oxirigacha barcha diplomatik choralarni ishga soladi. Samara bermasa, siyosatni o'zgartirishga to'g'ri keladi.

Eron oyatullolaridan biri, Ahmad Xotamiy rezolyutsiyani keskin qoralab, masalaga siyosiy rang berilgan deydi. Unga ko'ra, Eron agentlik yordamisiz ham yadro reaktori uchun yonilg'i ishlab chiqara oladi.

XS
SM
MD
LG