Sarmoyaga muhtoj Tojikiston Xitoyga yo'q deya olmaydi


Siyosiy va iqtisodiy qudratini oshirishga urinayotgan Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini mustahkamlamoqda.

Kelayotgan yillarda milliardlab dollar investitsiya olib kirishni niyat qilgan.

Tojikistonda Dushanbe Chanoq, Dushanbe-Kulma avtomobil yo’llari, 350 kilometr uzunlikdagi “Janub-Shimol”, 220 kilovoltli "Lolazor-Xatlon" elektr uzatish tarmoqlari, “Shar-Shar” tunneli singari muhim qurilishlarni Xitoy kompaniyalari olib bormoqda.

Xitoy hukumati Xingob daryosida Nurobod-1 GESi qurilishiga 560, Dushanbedagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga 400 million dollar ajratgan.

Tarix fanlari doktori Xudoyberdi Xoliqnazarovning aytishicha, Xitoy kapitali Tojikistonga shiddat bilan va to’siqsiz kirib kelmoqda. Xitoyning Tojikiston iqtisodiyotiga olib kirayotgan sarmoyasi 2 milliard AQSh dollaridan ortib bormoqda”.

Jamiyatshunos Abdusami Xoshoqovning aytishicha, agar to’sqinlik bo’lmasa, Xitoy Tojikistonda yanada katta ishlarni boshlab yuborgan bo’lardi.

"Tojik-Xitoy munosabatlari rivojlanib bormoqda. Bu hammaga ma’lum. Jumladan Xitoy Tojikistonga avtomobil va temir yo’llari qurilishiga, energetika, tog’-kon sanoati, oziq-ovqat, engil sanoatda investitsiya kiritmoqda. Tojikistonda Xitoy mobil aloqa kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlamoqda",- deydi u.

SSSR yo’qolganidan so’ng Xitoy hukumati Markaziy Osiyo respubliklari orasida 87 ta yangi transport yo’llarini ochdi.

"Yo'q demasak, Xitoy Zarafshon daryosida rejalangan beshta GES qurilishini allaqachon boshlab yuborgan bo’lardi,- deydi jamiyatshunos Xoshoqov.

Tojikistonlik o’zbek olimi, jurnalist Ilhom Yusupov fikricha mamlakatdagi qashshoqlik va chorasizlik Xitoyga qulay imkoniyatlar yaratib bermoqda.

"Bu holatdan foydalangan Xitoy o’lkadagi boyliklarga egalik qilish harakatida. Buyuk ipak yo’lini tiklash haqidagi gaplar ham afsonadir. Nazarimda, buni zamirida mintaqaga xo’jayinlik qilish maqsadi yotadi",- deydi u.

Rus iqtisodchi olimi Aleksandr Saliskiy nazarida Xitoyning Markaziy Osiyo gaz zaxiralari bo’yicha olib borayotgan ishlari Rossiya foydasigadir.

Uning aytishicha Turkmaniston, Qozog’iston va Xitoy o’rtasidagi yirik gaz magistrali qurilishi bilan bu gazning Rossiyani chetlab G’arbga chiqarilish imkoniyatlari cheklanadi.

Ilhom Yusupov esa Xitoyning mintaqadagi faolligini Rossiya yoqtirmaydi deydi.

“Xitoy nafaqat Tojikistonda, balki butun mintaqada sobiq sovet imperiyasi o’rnini egallashga urinmoqda",- deydi.

"Bu esa regionda Rossiya harakatlariga salbiy ta’sir o’tkazishi turgan gap. Buni albatta Rossiya istamaydi va bildirib-bildirmay o'z harakatlarini qilaveradi”.

"Bizga qanchalar qiziq bo’lmasin, Xitoy bu yerga ilg’or texnologiyalarini olib kirmaydi deb o’ylayman. Ular bizga xom ashyo bazasi sifatida qaraydi",- deya fikr bildiradi taniqli tojik rejissyori Barzu Abdurazzoqov.

"Xitoy bilan teng huquqlilik asosida ish olib borishimizga ko’zim etmaydi. Masalan, Tojikiston bozoridagi afg’onlardan cho’chimasak bo’ladi. Ular bizga yaqin va biz bilan birga. Lekin Xitoy xizmati xatarlidir. Xitoy Tojikistonga uzoqqa ko’zlangan maqsad bilan kirib kelmoqda. Tojikistonga kirib kelgan xitoyliklar bu yerni tashlab ketmaydi",- deydi u.

Jamiyatshunos Xoshoqov bu qarashdan yiroq, lekin kelajakni hisobga olish zarur deb biladi.

Uning fikricha Xitoyning Markaziy Osiyodagi o’rni haqida gapirganda uning o’zidagi muammolar va kelajakda ehtimoliy hollarni unutmaslik kerak.

"Aholisi ikki milliardga yetishi mumkin bo'lgan bu ulkan mamlakatning SSSR singari parchalanib ketish ehtimolini ba’zi tahlilchilar yozishgan. Sharqiy Turkiston muammosi haligacha hal etilmagan",-deydi tojik ziyolisi.

Siyosatshunos, Tojik-Xitoy Do’stlik Jamiyati raisi o’rinbosari Abdug’ani Mamadazimovning fikriga ko’ra, ochilayotgan yangi yo’llar Tojikiston uchun nafaqat yangi imkoniyatlar yaratadi, balki Xitoy uchun ham juda qulay tranzit hisoblanadi.

“Etnik xitoylarning Tojikistonga kirib kelishi ba’zi bir muammolarni tug’dirishi mumkin. Lekin mamlakatga xitoylarni faqat tanlab olingan soha bo’yichagina jalb qilish negativ holatlar oldini oladi”,- deydi u.

Jurnalist Ilhom Yuspov Xitoyning mintaqadagi siyosatiga boshqacha nazar bilan qaraydi:

"Tojikiston Badaxshonidan Xitoy allaqachon 100 ming gektar yerni olib bo’ldi. Ko’pchilik xalqimiz buni bilmaydi. “Asia-Plus” gazetasi Xitoyning Tojikiston yerlariga ko’z tikkan joylari xaritasini e’lon qilgandi. Unda Badaxshonning yarmidan ko’p yerlari ko’rsatilgan. Xitoyning Tojikistonga ko’rsatayotgan yordamlarini birgina alturizm bilan izohlash nodonlik bo’lar edi. Xitoyning Tojikiston bilan munosabatlari sirli harakatdir. Xitoy mintaqada ehtiyotkorona makkorlik bilan siyosat olib bormoqda".

Xiytoy hukumati hozir Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi Tojikistonni ham maftunkor iqtisodiy loyihalar bilan o’ziga qaratib kelmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG