Oq uy: Qo'shma Shtatlar armiyasi Afg'onistonda umrbod qolmaydi


Bugun prezident Barak Obama Afg'onistondagi vaziyat va yangi strategiya borasida xalqqa murojaat etadi. Davlat rahbari Afg'onistonga qo'shimcha 30 mingga yaqin askar safarbar etishga ko'rsatma berishi kutilmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, strategiya ustida ish yakunlangan.

Prezident Obama maslahatchilariga qarori haqida yakshanba kuni ma'lum qilgan. Shundan so'ng AQShga hamkor va ittifoqchi davlatlar rahbarlari bilan muloqotga kirishgan.

Bugun esa Vest Poynt (West Point) harbiy akademiyasida jamoatchilikni ham qaroridan boxabar qiladi.

Oq uy rasmiysi strategiya nimadan iborat bo'lishini hozircha aytmayapti.

"Shunisi ma'lumki, Afg'onistonda bir umr qolish niyatida emasmiz. Uning xavfsizligini cheksiz ta'minlash uchun ortiqcha pul ham, askar ham yo'q. Afg'onlarning o'zi mas'uliyatni qo'lga olishi lozim," deydi prezident matbuot kotibi.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar kelajakda diqqatini afg'on armiyasi malakasini oshirishga qaratadi.

Buning uchun Kobuldagi hukumat bizga ishonchli hamkor bo'lishi kerak, deydi Robert Gibbs.

"Afg'oniston hukumati korrupsiyadan holi bo'lishi, davlat boshqaruvini kuchaytirishi kerak."

Kongressdagi ayrim demokratlar Afg'onistondagi missiya uchun mablag' to'plash maqsadida maxsus urush solig'ini joriy etmoqchi. Prezident Obama bugungi nutqida bu haqda og'iz ochadimi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

AQShning Afg'onistondagi qo'mondonlari 40 minggacha madad so'rayotgan bir paytda, yangi strategiyadan 30-35 ming qo'shin ajratish o'rin olgan bo'lishi mumkin. Bu esa ayrim hisoblarga ko'ra, 75 milliard dollar pul talab qiladi.

Strategiya doirasida prezident Obama Pokiston bilan hamkorlikni kuchaytirishga ham alohida diqqat qaratishi aytilmoqda.

Kecha Britaniya kelasi bir necha hafta ichida Afg'onistonga qo'shimcha 500 askar yuborishini ma'lum qilgan. Ayni damda mamlakatda 10 mingdan ziyod britaniyalik askar bor.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG