Breaking News

AQShda SPID bo'yicha xalqaro anjuman o'tkaziladi


Bugun Jahon bo'ylab SPIDga qarshi kurash kuni. Prezident Obama Oq uyda AQShning bu boradagi harakatlari haqida qonunchilar va faollar bilan suhbatlashgan.

Oktyabr oyida Qo'shma Shtatlar VICH, ya'ni Immunitet taqchilligi virusi bilan kasallangan xorijliklarni mamlakatga kiritmaslik haqidagi taqiqini bekor qilgan. Qaror kelasi yildan boshlab kuchga kiradi.

Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, 2012 yili Vashingtonda SPIDga qarshi kurashga bag'ishlangan global anjuman o'tkaziladi. Unda 30 mingga yaqin tadqiqotchilar, siyosatchilar va faollar ishtirok etadi.

Xillari Klintonga ko'ra, AQSh jahonda SPIDga qarshi eng ko'p kurashayotgan davlat hisoblanadi. Vaksina va preparatlar ustidagi tadqiqotlar tufayli VICH/SPID bilan kasallangan 33 milliondan ziyod odamga yordam berishga qodirmiz, deydi u.

"So'nggi 20 yil ichida izlanishlar borasida katta yutuqlarga erishdik. So'nggi 5 yil ichida esa maxsus dori-darmon olish imkoni kam va o'rta daromadli oilalar orasida 10 baravarga oshdi. VICHga chalinish hollari so'nggi sakkiz yil ichida 17 foizga pasaydi," deydi Klinton.

Jahon SPIDga qarshi kurash kuni 1988 yili joriy etilgan bo'lib, undan asosiy maqsad - aholini virus haqida ogoh qilish, tadqiqot va dorilar uchun mablag' to'plash, kasallarga nisbatan kamsitilish hollariga qarshi kurashish.

BMT hisobiga ko'ra, yolg'iz Janubiy Afrikada 5,7 million kishi SPIDga chalingan.

XS
SM
MD
LG