Prezident Obama Afg'onistonga 30 ming askar yubormoqchi


Prezident Barak Obama Nyu-Yorkdagi Vest Poynt harbiy akademiyasida nutq so'zlab, Afg'oniston bo'yicha ko'pdan beri kutilgan strategiyani ma'lum qildi. Kursantlar oldida ma'ruza qilar ekan, AQSh rahbari "Afg'onistondagi vazifani oxiriga yetkazish - ma'naviy burchimiz" dedi.

Prezident Obamaning aytishicha, Afg'onistonda Tolibon va al Qoida qayta kuchga kirib, mintaqa xavfsizligiga raxna solmoqda.

"Strategiya qayta ko'rib chiqildi. Oliy qo'mondon sifatida Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar yuborishga qaror qildim. 18 oydan so'ng ular vatanga qayta boshlaydi".

AQSh rahbarining aytishicha, al Qoida ildiziga bolta urilmas ekan, 2001 yil 11 sentyabr terror xurujlari qaytarilishi mumkin. So'nggi bir necha oy ichida Afg'oniston va Pokistonda tayyorgarlikdan o'tgan ekstremistlar AQShga kirishga harakat qilib, chegarada qo'lga olindi, deydi Barak Obama.

"Bu faqat Amerikaning urushi emas. Al Qoida Londonda ham, Ummonda ham, Balida ham xurujlar qilgan. Unga qarshi kurash faqat AQSh zimmasida bo'lmasligi kerak", - deydi Obama.

AQSh prezidenti al Qoida va Tolibonga qarshi kurashda yangi strategiya asosi bo'lmish uch usuldan foydalanishni taklif qilmoqda.

"Birinchisi harbiy bo'lib, Tolibonni zaiflashtirishga va kelasi 18 oy ichida afg'on armiyasi salohiyatini oshirishga qaratilgan. 2010 yilning birinchi yarmida Afg'onistonga kiritilishi rejalanayotgan qo'shimcha 30 ming askarga shu vazifalar yuklanadi. Askarlar 2011 yil iyulidan boshlab Afg'onistondan chiqariladi", - deydi prezident Obama.

Ikkinchi usul noharbiy bo'lib, xavfsizlik ta'minlangach, xalqaro hamjamiyat, BMT va Afg'oniston bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

"Afg'oniston hukumati korrupsiyadan xoli bo'lishi, boshqaruvni kuchaytirishi, qishloq xo'jaligi kabi sohalarni rivojlantirishi zarur", - deydi AQSh rahbari.

Uchinchidan, Qo'shma Shtatlar Pokiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim, deydi Obama.

"Pokiston AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilmas ekan, Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish amri mahol. Pokistonning qo'shni mamlakatdagi ahvolga ko'z yumishi terror balosining bu mamlakatga ham tarqalishiga sabab bo'ldi".

Barak Obama ta'biricha, Afg'oniston, ba'zilar ta'kidlaganidek, ikkinchi Vyetnam emas.

"Vyetnamdagi urushga hozirgidagidek 43 davlatdan iborat koalitsiya jalb qilinmagan edi. Vyetnamdan turib Amerikaga hujum qilinmagan. Afg'onistonda, Vyetnam urushida bo'lgani kabi, xalq AQSh qo'shinlariga qarshi kurashmayapti", - deydi Obama.

AQSh prezidenti Afg'onistondagi missiyaning o'ziga yarasha poyoni bo'lishi kerak, mamlakatda umrbod qolish niyatimiz yo'q, qo'shinlarimizni chiqarishga muhlat qo'ymasak bo'lmaydi deydi.

"Afg'onlar mamlakat xavfsizligi uchun mas'uliyatni bo'yniga olishi lozim. Uzoq vaqtga qolishga mablag' yo'q. Bundan manfaatdor ham emasmiz", - deydi Obama.

AQSh prezidentining aytishicha, Qo'shma Shtatlar so'nggi yillarda davlat xavfsizligiga bog'liq siyosatida iqtisodiy omillarni inobatga olmagan.

"Iqtisodiy tanazzul oqibatida millionlab amerikaliklar ishsiz yurgan bir paytda Amerika olib borayotgan urushlar qiymatini inkor etmaslik lozim. Amerika iqtisodiy qudratini tiklamas ekan, harbiy va diplomatik qudrati ham kuchaymaydi".

Barak Obama yangi strategiyani xalqqa tushuntirar ekan, ichki xavfsizlik, diplomatiya, musulmon dunyosi bilan aloqalar, ommaviy qirg'in qurollari tarqalmasligiga ham e'tibor qaratish lozim deydi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Barak Obamaning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasini olqishlagan. Uning aytishicha, alyans ham mamlakatga qo'shimcha 5 mingga yaqin askar jo'natadi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun yana 30 ming askarni urushga safarbar etish qarori oson kechmagan, ammo bu juda ham zarur strategiya demoqda.

Biroq AQSh qonunchilari yangi siyosatga turlicha munosabat bildirmoqda. Respublikachi senator Jon Makkeyn Afg'onistonda askarlar sonini oshirish to'g'ri qaror, ammo ularni chiqarishga muhlat belgilamaslik kerak deydi.

Demokrat senator Rassl Feyngold fikricha esa askarlarni ko'paytirish bilan Pokistondagi vaziyatni keskinlashtirish mumkin.

Afg'oniston hukumati Obama strategiyasini olqishlamoqda, biroq ba'zi afg'onlar nazarida bu bilan Tolibonni yengib bo'lmaydi. Afg'onistonga qo'shimcha askar emas, qo'shimcha pul kerak, deydi ular.

AQShda o'tkazilgan yangi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning atigi 35 foizi Barak Obamaning Afg'onistondagi siyosatini ijobiy baholaydi. 55 foizi uni tanqid qiladi.

XS
SM
MD
LG