O'zbekiston hukumati Obamaning strategiyasini yoqlamoqda


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Afinada o'tgan uchrashuvida ma'ruza qilgan O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Obamaning afg'on strategiyasini qo’llab-quvvatlagan.

Norovning aytishicha, dastur harbiy amaliyotlarning yakuniy sanasi belgilanishi, keyinchalik boshqaruvni Afg'oniston hukumatiga yuklash jihatidan diqqatga loyiq.

AQSh prezidentining yangi strategiyasi Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar jo'natishni, 2011 yildan esa harbiylarni mamlakatdan olib chiqa boshlashni ko'zda tutadi.

Vladimir Norov nazarida Afg’oniston ichida aniq bir konsensusga erishilmasdan, bu borada qo’shni davlatlarga suyanmasdan, xavfsizlik muammosini yechish mumkin emas.

Sharhlovchilar taxminicha, rasmiy Toshkent o'zbeklar yashaydigan Afg'oniston shimoliga kengroq avtonomiya berish tarafdori. Vladimir Norov O'zbekiston prezidentining “6+3 guruhi”ni tuzish tashabbusini eslatib o'tadi.

“Bu tashabbus G'arbda qiziqishga sabab bo’ldi, lekin hozircha 6+3 guruhi anjumani boshlanadi deb bir qarorga kelingani yo’q”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Ekspertlar so’zlariga ko'ra, Afg'onistonga qo'shni davlatlar va AQSh, Rossiya, NATO ishtirokida tashkil etilishi ko'zlangan muloqot guruhiga Afg'onistonning o'zi kiritilmagani uchun bu tashabbus amalga oshishi qiyin. So'nggi paytda O'zbekiston Afg'oniston bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytira boshlagan.

“Temir yo’llar yotqizilishida, maktablar, shifoxonalar qurilishida ishtirok etish juda muhim masala. Faqat kuch bilan afg'onlar ishonchini qozonish qiyin. Ular xalqaro hamjamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlarni sezishi kerak. Bular harbiy amaliyotlar bilan birga olib borilishi kerak. Bu borada O'zbekiston katta hissa qo’shishi mumkin”, - deydi Tolipov.

O'zbekiston Afg'oniston poytaxti Kobulni elektr energiyasi bilan ta'minlamoqda. O'zbekiston va Afg'onistonni bog'lovchi Termiz-Hayraton-Mozori Sharif yo'nalishida temir yo'l qurilishi boshlangan. O'zbekiston hukumati yaqinda tadbirni ma'qullovchi qaror qabul qildi. Temir yo'l loyihasi Osiyo Taraqqiyot Banki moliyasi asosida amalga oshirilmoqda. Buyurtmachi - Afg'oniston hukumati, qurilish ishlarini O'zbekiston yuritmoqda.

Temir yo'l qurilishi dastlab Afg'onistonga o'tayotgan noharbiy yuklar hajmi oshishida muhim ko'rilayotgan bo'lsa, keyinchalik mintaqani dengiz portlariga olib chiquvchi “transafg'on” korridorining muhim qismiga aylanishi kutilmoqda. Bu yo'l iqtisodiy savdo aloqalarini yurg'izishda O'zbekistonga bir qator ustunliklar berishi mumkin.

“Biroq bu narsani hozirgi davrda amalga oshishi qiyin. Tolibonni harbiy harakati bor ekan, temir yo'lmi yoki boshqa inshootlarmi, ularning xavfsizligini ta'minlash juda qiyin. Afg'oniston hukumati xavfsizlikni ta'minlashni bo'yniga olishi kerak, lekin Karzay hukumati mamlakatni barcha hududlarni nazorat qilolmayapti”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.

AQSh prezidenti Barak Obamaning yangi strategiyasiga ko'ra, 2011 yilga borib Afg'onistonda vaziyat nisbatan barqarorlashishi kerak.

XS
SM
MD
LG