NATO, afg'on armiyasi Tolibonga qarshi yirik operatsiya boshladi


Afg'oniston janubida xalqaro koalitsiya, asosan, AQSh askarlaridan iborat 1 ming kishilik qo'shin Tolibonga qarshi shiddatli hujum boshlagan. Hilmand viloyatidagi janglarda afg'on zobitlari ham ishtirok etmoqda.

Bu operatsiya Obama Afg'onistonga yana 30 ming zobit jo'natishga va'da bergan pallad o'tmoqda. Yangi askarlarning ko'pi janubga, toliblar faol, eng notinch viloyatlarga jo'natiladi.

Bu orada Shimoliy Atlantika harbiy bloki – NATO kelasi yil Afg’onistonga 7 ming askar jo’natishini aytmoqda.

Bu haqda alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari majlisida ma’lum qilgan. Anjumanda qatnashgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bu xabarni olqishlagan.

Xillari Klinton kuni-kecha AQSh Kongressida so’zlab, prezident Obamaning Afg’oniston strategiyasini izohladi. Bugun Bryusselda NATO va xalqaro koalitsiya vakillari bilan uchrashar ekan, yana mazkur reja haqida gapirdi. Qo’shinlar sonini oshirish zarur, ammo Afg’onistonda toabad qolish niyatimiz yo’q, deydi Klinton.

Obama ma’muriyati ittifoqchilar kamida 10 ming harbiy jo’natadi degan umidda. NATO hozircha yetti ming zobit va’da qilmoqda. Klinton o’tgan hafta 25 davlat rasmiylari bilan muzokara qilib, olgan javobidan, ijobiy munosabatdan mamnun.

Ittifoqchi davlatlar Obama olg’a surgan reja ahamiyatini tushunadi, deydi Klinton. Ular o’z xalqi bilan gaplashib, koalitsiyaga hissa qo’shish zaruratini tushuntirishga tayyor, deydi AQSh vazirasi.

Ba’zi davlatlar masalani parlamentda muhokama qilib, qonunchilar ruxsatini olishi kerak. Shu bois qo’shin jo’natish qarori bir oz vaqt talab qilishi mumkin, deydi Klinton.

Prezident Obama harbiylarni Afg’onistondan 2011 yilda olib chiqa boshlaymiz, deydi. Ba’zilar nazarida qo’shinlarni chiqarishga oldindan muhlat belgilash noto’g’ri.

Ammo, deydi Klinton, hech kim ikki yildan keyin shartta mamlakatdan chiqib ketmoqchi emas. 2011 yilda Afg’onistondagi vaziyatdan, mahalliy armiya malakasidan kelib chiqib, mas’uliyatni asta-sekin afg’onlar zimmasiga topshira boshlaymiz, deydi u.

Bush ma’muriyati davrida afg’on armiyasi malakasini oshirish ikkilamchi vazifa sifatida ko’rilgan. Hozirda bu masala birinchi planda, deydi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG