Hilmanddagi amaliyotda asosan xorij zobitlari qatnashmoqda


AQSh va Britaniya zobitlari Afg’oniston janubida, Hilmand viloyatida toliblarni siquvga olmoqda. Harbiy amaliyotga afg’on armiyasi ham jalb qilingan.

Bir necha jangari yo’q qilinib, hudud yuzlab minalardan tozalangan. Obama ma’muriyati nazarida jarayonda mahalliy armiya va ma’murlar faolroq qatnashishi zarur. Mahalliy rasmiylarda javobgarlik hissini uyg’otish lozim, deydi ular.

Prezident Barak Obamaning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyms Jouns kecha xorijlik muxbirlar bilan muloqot qilar ekan, Afg’onistonda mahalliy arboblar, qabila yetakchilari va hokimlar bilan ishlash kerak, dedi.

“Afg’onistonda har bir tuman, har bir mahallada mulozim o’z ishini puxta bajarayotganiga ishonch hosil qilmoqchimiz”, - deydi janob Jouns.

Prezident Obama taklif qilgan yangi rejada afg’on xalqi ishonchini qozonish haqida so’z boradi, toki ular Tolibondan yuz o’girsin, toliblar boshqaruvni qo’ldan boy bersin.

General Jouns fikricha, afg’on armiyasi mamlakat mudofaasida jonliroq qatnashsa, tinchlikka erishish ham osonroq bo’ladi. “Afg’onlar o’z safidan, o’z mahallasidan chiqqan jasur arboblarni ko’rishi kerak. Armiya, politsiyaga ishona boshlashi kerak. Shundagina tinchlik haqida gapirish mumkin”, - deydi u.

Afg’oniston qurolli kuchlari va polistiyasi safida korrupsiya hukmron, son va malaka jihatidan bu kuchlar g’oyat zaif. Misol uchun, kecha Hilmand viloyatida boshlangan operatsiyada mingdan ziyod zobit qatnashayotgan bo’lsa, shundan faqat 100 nafari afg’onlar, qolgani AQSh va Britaniya askarlari.

Mahalliy armiya sonini oshirish, yangi zobitlarni yollash mushkul vazifa. Harbiyning maoshi kam, toliblar o’z jangarilariga ko’proq haq to’laydi. Muammoni hal qilish uchun hukumat o’tgan oy askarning ish haqini oshirib, qo’shimcha imtiyozlar va’da qildi, xatarli viloyatlarda xizmat qilgan harbiylar esa mukofot bilan siylanadi.

XS
SM
MD
LG