Amerikada yakkalanish, aralashmaslik kayfiyati hukmron


AQShda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Amerika xalqi orasida izolyatsiya, yakkalanish, aralashmaslik kayfiyati hukmron.

AQShning xorijdagi faoliyatini yoqlovchilar soni kamaygan, mamlakat nufuzi, obro’siga ishonch pasaygan.

So’rovni Vashingtonda asoslangan Pyu tadqiqot markazi o’tkazgan. Unga ko’ra, aholining 40 foizi AQSh birovning ishiga aralashmasligi, o’z muammolari bilan shug’ullanishi kerak, degan fikrda.

Markaz prezidenti Endryu Koxutning aytishicha, Amerika xalqi iqtisodiy tanazzul bilan ovora. “Iroq va Afg’onistondagi urush ham odamlarning kayfiyatiga ta’sir qilmoqda. Ko’pchilik nazarida bu urush samarasiz”, - deydi u.

Tahlilchi Jeyms Lindsi bundan taajubda emas. “Iqtisodiy ahvol tang bo’lsa, odamlar ham tushkunlikka tushadi, chetdagi muammolarga befarq bo’lib qoladi. Aholining tashvishi o’rinli. Ular fikricha, hukumat dastlab o’z yurtida ishni qoyillatib qo’yishi kerak”, - deydi olim.

Bu kayfiyat Obamaning tashqi siyosatiga ta’sir qilishi aniq, deydi tahlilchilar.
So’nggi so’rov natijalariga ko’ra, AQSh xalqi Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natishga uncha hushi yo’q. Sakkiz yillik urush izsiz ketmagan. Aholining bor-yo’g’i 32 foizi Obama rejasini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Bu orada Xitoy kabi iqtisodiyoti o’sib borayotgan davlatlarga nisbatan AQShda xavotir hissi hukmron”, - deydi janob Koxut. 53 foiz aholi bu davlatni xatarli deb biladi. Amerika jamoatchiligi nazarida aynan Xitoy jahon iqtisodiyotini tebratmoqda, AQSh esa nufuzini qo’ldan boy bermoqda.

Tahlilchi Jeyms Lindsi fikricha, AQShda moliyaviy ahvol yaxshilansa, bu kayfiyat ham o’zgaradi, Amerika xalqining o’ziga bo’lgan ishonchi yana ortadi, deydi u.

XS
SM
MD
LG