O'zbekistonliklar bosh qomusni keraksiz bir parcha qog'ozga qiyoslaydi


2010 yil O'zbekistonda “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilindi.

Bu tashabbusni har safargidek O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Konstitutsiya kuni munosabati bilan o’tgan anjumanda ma’lum qildi.

Mamlakat bosh qomusi qabul qilinganiga 17 yil bo'ldi.

Konstitutsiya - fuqarolar erkinligi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini kafolatlovchi asosiy hujjat.

Sharhlovchilar fikriga ko'ra, davlat fuqarolarning huquqlarini kafolatlashga kirishmas ekan, konstitutsiyaga bo’lgan ishonch, hurmatni tiklash qiyin.

Karimovning aytishicha, 17 yil avval qabul qilingan Konstitutsiya yangi davlat va yangi jamiyat qurish sari yo’l ochib bergan.

Shu kundan boshlab, deydi prezident, asosiy qonun demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati, bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiy tizim yaratishda poydevor bo'lib kelmoqda.

Aholi orasidagi kayfiyatdan xulosa qilish mumkinki, konstitutsiya - qog’ozdagi qonun, prezidentning ma'ruzasi esa yil nomini belgilovchi tadbir xolos.

“Amalda hech narsa yo’q-ku! Qog'ozda hamma narsani yozish mumkin, qog'oz chidayveradi, lekin xalq uchun nima qilinayapti? Konstitutsiya xalq uchun yoziladi. Na fuqarolik, na uy-joy, na yer kodeksi amalda yo'q-ku! “Yaxshiyam shunaqa qonunlar chiqdi, adolat tiklanayapti” degan gapni eshitdingizmi? Yo'q, eshitmaysiz ham”, - deydi fuqarolardan biri.

Konstitutsiyaviy huquqlarni ta'minlovchi idoralarga aholi ishonmaydi

“Tepadan buyruq berishadi, buni shunaqa qilasan deb. Qonunda bunday deyilmagan desa ham, baribir bajarishga majbur qilishadi. Shuning uchun odamlarda ishonch yo'qolgan, poraxo'rlik boshlangan. Hamma narsaga pora berish kerak. Har bir odam qonun bo'yicha talab qo'yganda, ehtimol konstitutsiya ham ishlab ketardi. Buning uchun mamlakatda muxolif partiyalarga ruxsat berilishi kerak, odamlarga huquqiy bilim berilishi kerak. Aholi siyosiy jihatdan mintaqaning eng qoloq jamiyatiga aylandi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Sharhlovchilar nazarida O'zbekiston konstitutsiyaviy tamoyillarga ko’ra emas, avtoritar ravishda boshqarilmoqda. Konstitutsiyada ifoda etilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarning barchasi tuzumga bo'ysindirilgan. So’z erkinligi yo’q, matbuot keskin nazorat ostida, siyosiy muxolifat taqiqlangan, jamiyat yopiq. Fuqarolik jamiyati uchun kurashayotgan faollar tazyiq ostida.

Hukumat yil sayin xalqdan uzoqlashmoqda

“Hukumatni inson haqlariga, muxolifatga nisbatan munosabati o'zgarmadi. Hokimiyat xalqdan yiroqlashish tomon ketmoqda. Bu harakat davom etayapti. Qonunlar ham borgan sari xalqchilikdan uzoqlashmoqda, bu xalq va hokimiyat o'rtasidagi katta jarlikni yuzaga chiqarmoqda”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Sharhlovchilar so’nggi paytda O'zbekistonda muxolif diniy kayfiyat kuchayishini tazyiqlar ortishi, e'tiqod erkinligi, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarning cheklanishi bilan bog'lashadi.

“Konstitutsiyaga tajovuz qilishda ayblanib qamalganlar soni 10 mingga yaqinlashmoqda. Lekin biror kishi aytmaydiki, bir kichik guruh konstitutsiyaga tajovuzni xohlagan taqdirda ham uni o'zgartira olmaydi-ku deb. Noqonuniy diniy guruhlarga a'zolikda, tajovuzda ayblanayotganlardan birortasining ishi hozirgacha isbot qilinmagan”, - deydi Surat Ikromov.

Konstitutsiyaga tajovuz qilishda ayblanganlar qatorida nafaqat namozxonlar, diniy muxolifat, balki dunyoviy muxolifat tarafdorlari, huquq himoyachilari ham bor.

“Bizning xalqimizda bunday ishtiyoqning o'zi yo'q, u ko'proq tinchlikni ko'zlaydi. 159-modda, konstitutsiyaga tajovuz qilish an’ana bo'lib qolmoqda. Har bir tuzum, rejimning o'zining tendensiyalari bo’ladi. Sobiq ittifoq davrida ham xalq dushmani degan tamg'a bilan qatag’on qilishgan. Lekin men o'zim kuzatgan odamlar ichida haqiqiy vatanparvarlari juda ko'p”, - deydi advokat Ruhiddin Komilov.

Konstitutsiya oldida hamma teng bo'lishi kerak - fuqarolar ham, rasmiylar ham

Huquqshunosning aytishicha, konstitutsiya hukumat rahbaridan tortib, oddiy fuqaroning haq-huquqlari belgilangan eng asosiy qonun. Qonun talablari so'zsiz bajarilishi shart bo'lgan bir paytda davlatning o'zi bu me’yorlarni buzmoqda.

“Men advokatura misolida aytmoqchiman. Hech qayerda advokatura majburan biror tashkilotga birlashtirilmaydi. Konstitutsiyada yozilgan “jamoat tashkilotlari majburan tuzilmaydi” deb, lekin bizda shunday bo'ldi. Inkor etuvchi qonun chiqarildi, xalqaro me’yorlar emas, hech bo'lmaganda o'zimizni konstitutsiyamiz doirasidan chiqmaylik”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Prezident farmoyishiga ko'ra Advokatlar Palatasiga a'zolik majburiy, palata rahbari davlat tomonidan belgilanadi. Palataga kirmagan advokatlarga kasbiy faoliyat bilan shug’ullanishga ruxsat yo’q. O'zbekistonda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” nihoyasiga yetmoqda.

Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yilida ko'plab fermerlar huquqi toptaldi

Prezident o'z maruzasida qishloq aholisi, xususan dehqon-fermerlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida to'xtaldi. Mashaqqatli mehnat uchun dehqonlarga minnatdorchilik bildirdi.

Sharhlovchilar nazarida yil davomida qishloqqa farovonlik kirib kelgani haqida gapirish qiyin. Biroq yeridan ajragan, fermerlik huquqlari toptalgan qishloqliklar safi borgan-sari ortayotgani kuzatiladi.

“Optimizatsiya davrida mendan hech narsa so'ramasdan, ariza ham olmasdan yerimni tortib olishdi. Keyin men u yoq-bu yoqqa yugura boshladim. Ular esa tekshiruvlarni, tazyiqlarni kuchaytirishdi, hatto kechasi ham tekshiruvga keladigan bo'lishdi. Keyinchalik hech qayoqqa chiqarishga ham qo'yishmadi, men hammasidan bezor bo'lib o’zimga o’t qo’ydim. 6 oy kasalxonada yotib chiqdim, prokuratura bu ishni jinoyat alomati yo’q deb yopib yubordi. Prezidentni qabuliga kirishga urinib yuribman, qo’limda to'rtta yetimim bor. O'g'lim Rossiyadan o'lib keldi, men chorvachilik qilaman degandim, mana ahvol”, - deydi ulardan biri, fermer Halima O'ljayeva.

Rasmiy matbuotga ko'ra, dekabr oyida O'zbekiston Oliy Majlisi uchun o'tadigan saylovlar mamlakatda konstitutsiyaviy tuzum, demokratik boshqaruv ustunligini yana bir bor namoyish etadi. Konstitutsiya bo’yicha qilingan prezident ma’ruzasining asosiy qismi ham saylovlarga qaratildi.

Sharhlovchilar fikricha umumxalq saylovida tanlash va saylash imkoniyatlari yo'q. Parlament saylovlari o'tsa ham, o'tmasa ham, hech narsa o'zgarmaydi.

“Hozir boshqa nomzodlarni qo'yish qonunan taqiqlandi. Qo'mita rahbarlari, hukumat boshlig’i tayyorlagan nomzodlar ro'yxati allaqachon tasdiqdan o'tib bo'lgan. Shunday ekan, hozirgi sharoitda shuncha xarajat qilib, saylov o'tkazish shart emas edi. Undan ko'ra shu pulni muhtojlarga bergani maqsadga muvofiq bo'lardi”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.

Konstitutsiya, uning mazmun-mohiyati xalqdan uzoqdaligicha qolmoqda. Inson huquqlari buzilishda davom etyapti. Bunday sharoitda bosh qomusga nisbatan boshqacha bir munosabat kutish ham qiyin.

XS
SM
MD
LG