Dunyo rahbarlari iqlim o'zgarishi muhokamasiga kirishdi


Bugun Daniya poytaxti Kopengagenda iqlim o'zgarishi bo'yicha yillik xalqaro anjuman boshlandi. Minglab ishtirokchilar dunyo oldida turgan dolzarb muammo - haroratning ko'tarilishiga qarshi samarali chora topish umidida.

Ikki haftalik anjumandan maqsad - mamlakatlarni amaliy ishlarga da'vat etuvchi xalqaro bitimga kelishish.

Tadbir tashkilotchisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiysi Ivo de Burning aytishicha, dadil harakat qilish vaqti keldi.

"Anjuman ishtirokchilari iqlim o'zgarishiga qarshi kuchli va uzoq muddatli chora ishlab chiqishi zarur", - deydi u.

Asosiy muammo zararli gazlarning atmosferaga katta miqdorda chiqarilishi deb ko'rilar ekan, qaysi davlat kimyo va og'ir sanoatini qisqartirishga rozi bo'ladi va qaysi miqdorda, zararini kim qoplaydi va bu qanchaga tushadi degan savollar rivojlangan davlatlarni qiynamoqda.
Havoni eng ko'p ifloslantirayotgan davlatlar qatoriga Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Hindiston va Yaponiya kiradi. Ularni bu ishga undashdan oldin siyosiy kelishuv bo'lishi zarur.

"Iqlim o'zgarishi bo'yicha muzokaralarning 17 yillik tarixida bu qadar ko'p davlatlar hozirgiday hamkorlikda ishlashga so'z bermagan", - deydi BMT rasmiysi.

Anjumanda 192 davlatdan delegatlar ishtirok etmoqda.

XS
SM
MD
LG