Amerika va Turkiya xalqaro muammolarni birgalikda hal etmoqchi


Kecha prezident Barak Obama Oq uyda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashdi. AQSh va Turkiya strategik sherik bo'lib, ko'p sohalarda yaqindan hamkorlik qiladi. Prezident Obama NATOga a'zo bu davlatning Afg'onistonni barqarorlashtirish yo'lidagi harakatlarini yuqori baholab, ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni muhokama qilgan.

Turkiya Afg'onistonga eng ko'p qo'shin yuborgan musulmon mamlakat hisoblanadi. Biroq uning 1750 ka yaqin harbiylari afg'on kuchlari tayyorgarligi va qayta qurish ishlari bilan shug'ullanmoqda. Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga yana 30 ming askar yuborish arafasida ekan, NATOga a'zo davlatlardan jami qo'shimcha 7 ming askar kutilmoqda. Biroq Turkiya hozircha bori bilan cheklanmoqchi.

Barak Obamaga ko'ra, ikki davlat rahbari terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

AQSh prezidenti Erdog'an bilan Eron masalasida ham gaplashib, rasmiy Anqaraning mintaqadagi muhim diplomatik roliga urg'u bergan holda uni Tehron yadro dasturi bo'yicha munozaralarni hal etishda yordam berishga chaqirdi.

"Nafaqat NATO doirasida va harbiy-strategik masalalar, balki iqtisodiy hamkorlikka tayangan AQSh-Turkiya aloqalarining tobora kuchayib borish istiqbollaridan umidvorman", - deydi prezident Obama.

AQSh rahbari Turkiya-Armaniston munosabatlarining iliqlashib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi.

"Turkiya-Armaniston aloqalarining yaxshilanayotgani Ozarbayjon-Armaniston muzokaralariga ijobiy ta'sir qiladi degan umid bor", - deydi Turkiya bosh vaziri Tog'li Qorabog' maqomi bo'yicha muloqotni nazarda tutib.

30 daqiqaga mo'ljallangan Oq uydagi uchrashuv ikki soat davom etgan. Rahbarlar ikki davlat uchun dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilgan.

Erdog'anning aytishicha, AQSh bilan mintaqaviy masalalar bo'yicha hamkorlik qilinmoqda.

"Yaqin Sharqda, Iroqda, Eron atom dasturi borasida. So'nggi ikki oy ichida Afg'onistonga qo'shimcha kuch yuborganmiz va harbiylarimiz u yerda faol harakat qilmoqda. Asosan mahalliy armiyani tayyorgarlikdan o'tkazish va qayta qurish ishlarida", - deydi Turkiya bosh vaziri.

Uning aytishicha, AQSh bilan siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, texnologiya va ilmiy sohalardagi hamkorlikni davom ettirish maqsadida Turkiya bosh vaziri o'rinbosari va iqtisodiy aloqalar bo'yicha davlat vaziri AQSh bilan muloqot uchun mas'ul etib tayinlangan.

XS
SM
MD
LG