Qirg'iziston afg'on xalq xo'jaligini tiklashda yordam bera oladi


Qirg’iziston mutaxassislari nazarida Markaziy Osiyoda terror xavfi qo’shni Afg’onistondagi vaziyatga bog’liq. Hukumat jangarilar mamlakat hududlariga kirishga urinmoqda deya xavotir bildirib keladi.

Qirg'iziston Afg'onistonda tinchlik o’rnatish va mazkur mamlakatni tiklash masalalarida qator takliflarni o’rtaga tashlab kelgan. Xo'sh, Markaziy Osiyodagi ushbu mo’jazgina o'lkaning bu borada qanday imkoniyatlari bor?

O’tgan oy Germaniyaning Berlin shahrida NATO aynan Afg'oniston va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari yuzasidan yoshlar muloqoti o’tkazgan.

Mazkur uchrashuvda Qirg'izistonning O’sh shahridagi jamoatchilik tashkilotlaridan biri xodimasi Dildora Hamidova ham qatnashgan. Uning fikricha Qirg'iziston insonparvarlik yordami ko’rsatishi mumkin, aytaylik, shifokorlar yuborsa bo’ladi. Ta’lim sohasida ham yetarli ko’mak ko’rsata oladi. Hozir Qirgiziston o’quv yurtlarida ko’plab afgon yoshlari tahsil olmoqda.

Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev “Bishkek tashabbusi” deb nomlangan taklifni olg'a surgan. So’z Qirgiziston poytaxtida Afg'oniston masalalari bo’yicha muloqot maydonchasi tashkil etish borasida ketayotir.

O’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov nazarida zikr qilingan tashabbuslarning mohiyati shundan iboratki, Afg'onistonga yaqin davlatlar bu notinch jamiyat barqarorlashishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishi lozim.

Qirg'iziston Afg'oniston xalq xo'jaligini tiklashda ham ko’mak ko’rsatishi mumkin. Nohukumat tashkilot xodimasi Dildora Hamidovaning aytishicha, Qirg'iziston jiddiy iqtisodiy yordam bera olmaydi. Ammo Afg'onistonning suv-energetika va sug'orish tarmoqlarini ta'mirlsh va taraqqiy ettirishda hissa qo’shish imkoniyatiga ega.

Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov bu fikrga qo'shiladi.

“Bizning mutaxassislarning juda katta potentsiali bor. Masalan, chorvachilik. Afg'onistonda chorvachilik bilan shug'ullanuvchi hududlar bor. Qo'ychilikni, yilqichilikni rivojlantirishda bizning mutaxassislarimiz bevosita ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari qurilish sohasida katta imkoniyatlar bor. Qirg'iziston quruvchilari har tomonlama yetuk. Afg'onistonni qayta tiklash bo'yicha xalqaro dasturlarga bizning bunyodkorlar ham jalb qilinsa, Afg'oniston ham, Qirg'iziston ham foyda ko'rardi”, deydi u.

Qirg'iziston Afg'oniston masalasida yana bir taklif kiritgan. Rasmiy Bishkek ta'biricha Markaziy Osiyo davlatlari o’z tashqi qarzlari evaziga Afg'onistonga ko’mak ko’rsatishi mumkin. Rasmiylar deydiki, bu bilan bir tarafdan mintaqaning rivojlanayotgan mamlakatlari qarzini ozaytirgan bo'lardi, ikkinchi tarafdan esa qo'shni jamiyat bir oz qad rostlab olar edi.

XS
SM
MD
LG