Iqlim isishi O'zbekiston uchun ham xavf-xatar kasb etmoqda


Global ekologik muammolarga qarshi qanday choralar ko'rish kerakligi haqida Kopengagenda xalqaro anjuman davom etarkan, iqlim o’zgarishi Markaziy Osiyoga ham tahdid solayotgani ta’kidlanmoqda.

Mintaqa uchun suv taqchilligi katta muammo bo’lib turgan bir paytda mintaqa muzliklarining erishi tezlashib, suv manbalari yanada kamayishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo rahbarlari iqlim isishiga qarshi kurash u yoqda tursin, suvni taqsimlashga ham kelisha olmayapti.

Kopengagenda o'tayotgan anjumanda dunyoning yetakchi davlatlari atmosferaga zaharli gaz chiqarishni kamaytirish haqida bitimga kelishi kutilmoqda.

Dunyo miqyosida iqlim isib borishining asosiy sababi havo ifloslanishida deb ko'riladi. Kopengagen sammiti muhokama qilayotgan choralar mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi bir tomondan Orol dengizini yo'qotish natijasida ekologik inqirozni boshdan kechirayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan global iqlim o’zgarishi tahdid solib turibdi.

Mintaqa suvining asosiy manbasi Tojikiston va Qirg’izistondagi muzliklar. Iqlim isishi natijasida muzliklar erishi tezlashmoqda. Tojikiston olimlari fikriga ko'ra, 2050 yilga borib, mamlakatdagi muzliklar bir kilometrgacha qisqarishi mumkin.

Qirg'izistondagi ma'lumotlar ham shunga yaqin. Tojikiston va Qirg'iziston yirik suv to'g'onlari qurishni boshlashgan. O'zbekiston bunga keskin qarshi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Afinada o'tgan anjumanida Rog'un va Qambarota gidro-inshootlarini qurish, bu yirik loyihalarga sarmoya qidirish harakati davom etayotganini aytib, respublika bundan norozi ekanini ta'kidlagan.

O'zbekiston bu inshootlarni xalqaro miqyosda ekspertizadan o'tkazishni talab qilmoqda. Suv taqsimoti uchun kurashayotgan davlatlar muammoga jamoatchlik e'tiborini ham tortishgan. Matbuotda bu boradagi chiqishlar ko’paygan.

“Gigantomaniya degan so'z bor, Tojikiston prezidenti to'g'on balandligini 340 metrga ko'tarmoqchi. Hatto rossiyalik mutaxassislar ham aytishdi, buncha balandlikni ko'tarmaydi deb. Boshqa davlatlar O'zbekiston, Qozog'istonning roziligini olmasdan bunga yordam bermasa kerak. Xalqaro hujjatlarda shunday - avval qo'shnilarning roziligini olish kerak. Buni Eron, Xitoy, Rossiya ham o'ylab ko'rsa kerak. Agar shunaqa bo'laversa, biz Tojikistonga ham, Qirg'izistonga ham shunaqa talablar qo'yishimiz mumkin, ular bu talablarni umuman bajara olmaydi. Suv masalasi juda qiyin, faqat kelishib ishlash kerak, buni men o'zbekistonlik bo'lganim uchun emas, mutaxassis bo'lganim uchun aytayapman”, - deydi ekolog Tohir Majitov.

O'zbekistonlik mutaxassislardan yana biri, German Treshalov Tojikiston GESni Rog'un emas, Sarez ko'lida barpo etgani ma'qul degan fikrda.

“Sarez ko'lidagi mavjud tabiiy to'g'onlar Rog'unda rejalanayotganidan ham baland, sun’iy ravishda to'g'on ko'tarishga ham hojat qolmaydi. Boshqa tomondan esa Sarez GESini qurish nafaqat elektr ishlab chiqarish, balki to'g'onlarni mustahkamlash, suv hajmini kamaytirish orqali ko'ldan kelayotgan xavfni bartaraf etishni ham maqsad qiladi ”, - deydi Treshalov.

XX asr boshlarida kuchli yer silkinishi tufayli hosil bo'lgan Sarez ko'li chuqurligi hozir 500 metrdan oshiq, suv bosimi kuchayib tabiiy to’g'on dosh bera olmasligi xavotir uyg'otib keladi.

Suv va energetik taqchillik anchadan buyon muhokamada, bu borada tomonlar hamkorlikka boradi, deyish qiyin. O'zbekiston yaqinda mintaqani birlashtirib turgan energiya tizimini tark etdi. Energetik ta'minotda mustaqillikka intilish kuchaygan.

Tahlilchilar nazarida iqlim isiyotgani, mintaqa muzliklari erishi tezlashayotgani, suv taqchilligi yuzaga kelishi bor haqiqat. Muammo suv taqsimotiga kelishib olish bilan yechilmaydi. Global iqlim o'zgarishi, ekologik inqiroz, suv taqchilligi mintaqa davlatlaridan yaxlit hamkorlik atrofida birlashishni talab etadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG