O'zbekistonda xalqaro huquq kuni bayram qilinmadi


BMT Inson huquqlari deklaratsiyasining 60 yilligi o’tgan yili O'zbekistonda katta tantana qilingan edi. Bu yil hukumat ham, huquq faollari ham bu kunni e'tiborsiz qoldirgan.

Huquq himoyachilarining aytishicha, aksariyat faollar qamoqqa tashlangan bir paytda mamlakatda inson huquqlari kunini nishonlash oson emas.

Bu sana munosabati bilan Xalqaro Amnistiya tashkiloti tashabbusi bilan boshlangan marafonda o'zbekistonlik huquq himoyachilari A’zam Farmonov va Alisher Karamatovlarni qamoqdan ozod etish talab qilingan. Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti ham rasmiy Toshkentdan faollarni ta’qib etmaslikni so’ramoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti bayonotiga ko’ra, inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil qilingan o'tgan yilgi marafonda 250 mingdan ziyod odam ishtirok etgan.

Bu yilgi “Marafon -2009 ” aksiyasida tovlamachilikda ayblanib, qamalgan o'zbekistonlik huquq himoyachilari A'zamjon Farmonov va Alisher Karomatovlarni ozod etish uchun imzo yig'ilmoqda.

Vijdon tutqunlarini ozod qilish qo'mitasi rahbari Bahodir Namozov so’zlariga ko'ra, Karamatov qamoqxonada sil kasaliga chalingan, Farmonov esa “Jasliq” da jazoni o'tamoqda.

“Karamatov bir yildan buyon “Sangorod”da saqlanmoqda. Lekin amnistiyaga tushmadi. Ishi mart oyida boshqatdan ko’rib chiqilgan edi. Jazoni o'zgarishsiz qoldirishdi. Ularni ozod qilish bo'yicha imzo yig’ish marafoni ijobiy natija beradi deb umid qilamiz. Chunki ahvoli haqiqatda og'ir, ayniqsa, Karamatovning. Qon tufurishi to'xtagan deb eshitgandim, lekin sil juda uzoq davolanishni talab etadi”, - deydi Bahodir Namozov.

O'tgan yil 10 dekabr - Inson huquqlari deklaratsiyasining 60 yilligi munosabati bilan O'zbekiston prezidentining farmoni e'lon qilingan, mamlakatda inson huquqlarini qadrlashga qaratilgan ko'plab tadbirlar o'tkazilgan edi.

“Farmonga ko'ra, hukumatga xizmat qiluvchi nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari katta bir kampaniya o'tkazgan edi. O'zbekistonda inson huquqlari ustuvor masala ekanligini ko'rsatish maqsadida. Lekin inson huquqlarining oddiy, boshlang’ich formalariga amal qilmaydigan davlatda Inson huquqlari deklaratsiyasining 60 yilligini nishonlash masxarabozlik, tadbirbozlik. Biz buni ochiq aytganmiz”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Mahalliy faollar deydiki, o'tgan bir yilda qamoqqa olingan huquq himoyachilari soni bir necha kishiga ko'paygan. O'tgan oy farg'onalik huquq himoyachisi G'anixon Mamatxonov poraxo'rlikda ayblanib, 5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Mamlakatda faollarga nisbatan tazyiq kuchayar ekan, xalqaro maydonda ham inson huquqlari bilan bog'liq masalaga e'tibor susayib borayotgani ta'kidlanadi.

“Avvallari elchixonalar turli tadbirlar, qabullar uyushtirardi, iliq gaplar aytilardi, huquq himoyachilarining ko'ngli ko'tarilardi. Afsuski, bu yil inson huquqlari kuni munosabati bilan hech narsa bo'lmadi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Faollar qamoqda ham maxsus nazoratda ushlanadi, ularning aksariyati qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblangan.

“A'zamjon Farmonov hozir “Jasliq”da, ahvoli yaxshi emas. Odamning sillasini quritadigan joy. Hozir iloji bo'lsa, shuni o'zgartirishga harakat qilyapmiz. Ishini tekshirganimizda, amnistiyaga chiqarmaslik uchun qasddan qoidabuzarlikda ayblashgan. O'zi tan olmagan, lekin baribir amnistiyaga yo'latishmayapti”, - deydi Bahodir Namozov.

Mahalliy faollar fikricha, aksariyat huquq himoyachilari ta’qib va qamoqxonada qolar ekan, mamlakatda inson huquqlari kunini nishonlash haqida gapirish bir qadar og'ir.

XS
SM
MD
LG