Breaking News

Kelasi hafta 1500 amerikalik askar Afg'onistonga jo'naydi


Kelasi hafta 1500 amerikalik askar Afg’oniston janubiga, Hilmandga yo’l oladi. Bu notinch viloyatga tonnalab qurol-aslaha, o’q-dori jo’natilmoqda.

Afg’onistondagi qo’mondon, general Stenli Makkristal toliblarni yengish, Al-Qoida yetakchisi Usama bin-Ladenni qo’lga olish asosiy maqsad bo’lishi kerak deydi.

AQSh Vakillar Palatasi Tashqi ishlar qo’mitasida so’zlagan general Makkristal “toliblarni mag’lub qilish zarur; Al-Qoidani tugatishning muhim sharti shu” dedi.

Makkristal taxminicha, prezident Obamaning afg’on rejasi kelasi yil oxirigacha samara bera boshlaydi.

AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri ham hafta davomida qonunchilar oldida hisobot bergan. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni uzoq va muntazam qo’llab-quvvatlashi lozim.

Demokrat qonunchi Xovard Berman nazarida Afg’onistonda harbiy amaliyotlar qurilish-tiklash loyihalari bilan birga olib borilsagina natija beradi. “Mamlakatda qonun ustuvorligi, iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash muhim”, deydi u.

Oxirgi bir necha oyda bu loyihalar soni oshib, Afg’onistonga qo’shimcha mablag’ va malakali xodimlar safarbar etilmoqda. Biroq elchi Karl Aykenberri so’zlariga ko’ra, bu tashabbuslar yetarli emas. Uning aytishicha, Afg’onistonda kuchli boshqaruv va xavfsizlik tizimi paydo bo’lishi uchun uzoq yillar mehnat qilish kerak.

General Makkristal bu fikrga qo’shiladi. Hukumat hali-beri qaddini rostlashi gumon, armiya malakasini oshirish ham vaqt talab qiladi, deydi u.

Obama rejasiga ko’ra, AQSh harbiylari 2011 yilda asta-sekin Afg’onistonni tark eta boshlaydi. “Biroq avval barcha maqsad-vazifalar bajarilganiga ishonch hosil qilamiz”, deydi Oq Uy rasmiylari.

XS
SM
MD
LG