Breaking News

Kopengagen sammiti boshi berk ko'chaga kirib qolgan


Kopengagenda o’tayotgan iqlimga doir xalqaro anjuman boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Bugun rivojlanayotgan davlatlar vakillari muzokara zalini tark etgan. Ba’zi arboblar sammit natijasiz tugashi mumkin, deya xavotir bildirmoqda.

Bugun rivojlanayotgan davlatlar BMT shafeligida o’tayotgan tadbirdan chiqib ketgan. Ular Kioto Protokoli – atmosferada zararli gazlarni kamaytirish bo’yicha xalqaro bitim muddati yetti yilga uzayitirilsin, deb talab qo’ymoqda.

Boy mamlakatlar sanoatini jilovlashi mumkin bo’lgan bitim muddati 2012 yilda tugaydi. O’ziga to’q, yirik mamlakatlar bu hujjatdan voz kechish tarafdori. AQSh, Xitoy va Hindiston kabi havoni eng ko’p iflos qilayotgan davlatlar Kioto protokolini imzolamagan.

Avstraliya Bosh vaziri Kevin Rud nazarida sammit natijasiz tugashi mumkin.

Hafta oxirida anjuman hal qiluvchi, yakuniy pallaga kirishi kerak. Ammo havoni kim ko’proq bulg’amoqda, majburiyatni kim va qancha bo’yniga olishga tayyor, zararli gazlarni qay miqdorda kamaytirish kerak kabi savollar hamon ochiq qolmoqda.

Bu orada “Vashington Post” xabariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar xalqaro maydonda toza energiya ishlab chiqarish, yuksak texnologiya taraqqiyoti uchun 350 million dollar ajratishi mumkin.

Prezident Barak Obama hafta oxirida Kopengagen sammitiga boradi. AQSh qonunchilari Obamadan anjumanda ko’p va’da bermaslikni, ortiqcha majburiyatni bo’yniga olmaslikni so’ramoqda.

Respublikachi qonunchi Jeyms Inxofe fikricha, Obama Kongress bilan maslahat qilmay turib, biror va’da berishi mumkin emas.

Demokrat kongressmen Edvard Marki AQSh Vakillar Palatasida iqlim o’zgarishiga doir qonun loyihasi mualliflaridan biri.

Uning aytishicha, qonunni imkon qadar tezroq qabul qilish lozim.

Biroq ba’zilar xavotiri shuki, zaharli gazlarni kamaytirish bo’yicha har qanday tashabbus mavjud sanoatlarda mehnat qilayotgan minglab odamlarni ishidan ayirishi, AQSh iqtisodiyotiga ziyon qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG