Breaking News

Kreml Toshkent bilan aloqani yaxshilash harakatida


O'zbekiston AQSh va Yevropa bilan rishtalarni mustahkamlashga harakat qilar ekan, Rossiya bilan mavjud aloqalarga ham e'tibor qaratmoqda.

Rossiya mintaqada harbiy salohiyatini oshirayotgani o'rtaga sovuqlik olib kirgani sir emas. Prezident Dmitriy Medvedev O'zbekistonga yangi elchi tayinlar ekan, Kreml aloqalarni rivojlantirish niyatida ekanini eslatgan.

Mustaqil sharhlovchilar nazarida esa Kremlning Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi ziddiyatlarga asoslangan siyosati qayta ko'rib chiqilishi kerak.

Medvedev fikricha O'zbekiston bilan aloqalar qanday bo'lishi ko'p jihatdan Rossiyaning mintaqadagi siyosati muvaffaqiyatini belgilaydi. Bu Medvedevning O'zbekistonga tashrifi paytida aytgan gaplarini eslatadi.

Mintaqada gidro-inshootlar qurishni O'zbekiston bilan maslahatlashmasdan hal etmaslik haqida gapirgan Medvedev, biroz o'tib Qambarota va Rog'un GESlarini moliyalashga va'da bergan edi.

Kreml mintaqa davlatlari o'rtasida ziddiyatlar qo'zg'ash siyosatidan voz kechmagani ta'kidlanmoqda.

“Bu gaplar shunchaki nayrang. O'zbekiston bilan munosabatlarga qarab mintaqadagi siyosatni o'lchaymiz degani Rossiyani hozirgi siyosatiga umuman to'g'ri kelmaydi. Ular biz ikki tomonlama munosabatlarga katta urg'u beramiz deyishayapti, Rossiya-Qozog'iston, Rossiya-O'zbekiston, Rossiya-Tojikiston kabi. Aslida Rossiya mintaqa davlatlarini rivojlanishiga juda qarshi, chunki shunday bo'lgan taqdirda mintaqa davlatlari Rossiya qo'l ostida qolaveradi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Rossiya O'zbekistonga tayinlagan yangi elchisi yaqin kunlarda ish boshlashi kerak. Ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham O'zbekistonga safar qilishi mumkin.

O'zbekistonda sovet davridagi yodgorliklar olib tashlanishi, qadimgi cherkovlar buzilishi rus matbuotida keng muhokama qilingan mavzulardan bo'ldi. Rossiya prezidentining O'zbekiston bilan aloqalarga urg'u berishi bejiz emas - so'nggi paytda munosabatlar bir qadar sovuqlashgan.

Rossiyaning Qirg'iziston janubida qo'shimcha harbiy baza ochish qarorini rasmiy Toshkent qo'shnilar o'rtasida ziddiyat uyg'otish sifatida baholaydi. Sharhlovchilarga ko'ra, rasmiy Toshkentning Rossiyadan noroziligi nafaqat harbiy bazalar, balki O'zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etgan suv muammosi bilan ham bog'liq.

“Rossiyaning suv maslasida Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga aralashishi, Qirg'izistondagi loyihalarga 2 millard dollarga yaqin sarmoya va'da qilishi, Tojikistonni ham shunga undayotgani, suv-energetika tizimini nazoratga olishga urunishi, O'zbekistonga, Qozog'istonga, Qirg'izistonga qarshi turish harakatlari”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Prezident Islom Karimov Turkmanistonda “Markaziy Osiyo-Xitoy” gaz quvurlarini ochish marosimida bu loyiha mintaqada yangi geosiyosiy o'zgarishlar qilishini gapirdi.

Bir paytlar Kreml izmiga tushib qolgan rasmiy Toshkent hozirda Rossiyaga nisbatan bir qadar mustaqil siyosat yurg'izmoqda. Mulohazalarga ko'ra bu O'zbekistonning G'arb bilan yaqinlashishi o'laroq amalga oshmoqda.

“Yevropa Ittifoqi sanksiyalardan voz kechganidan keyin bunday gaplar kuchaydi. Hozir Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashib, G'arb bilan yaqinlashdi deb aytish ham qiyin. Biz qisqa bir davrda aloqalarimizni bir necha marta o'zgartirdik, shuning uchun hozirgi o'zgarishlar shunga xos tabiiy narsa. Hukumat siyosatida qat'iy bir o'zgarish bor deyish xato bo'lardi. Ertaga aloqalar teskari tomonga o'zgarishi mumkin, bu bizdagi siyosatga xos narsa”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Kelasi oy Toshkentda Rossiya-O'zbekiston hukumatlar-aro komissiyasining navbatdagi yig'ilishi o'tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG