Afg'onistondagi qo'shin ta'minoti murakkab masala


“Vashington Post” gazetasining yozishicha, Afg’onistonga yana minglab askar jo’natishga qaror qilgan Qo’shma Shtatlar urushni olib borish uchun zarur yonilg’i va anjomlarni yetkazishda juda murakkab vazifa bilan yuzlashmoqda.

Iroqdan farqli o’laroq, Afg’onistonda zamonaviy infratuzilmaning o’zi yo’q. Eng zarur mahsulotlar qo’shni davlatlardan import qilinadi. Mamlakatga yuk yetkazish uchun asosan uch yo’ldan foydalaniladi, xolos.

Harbiy baza va nazorat punktlari orasidagi masofa yuzlab kilometrga cho’zilgan, tog’u-toshdan iborat bir o’lka. AQSh harbiylari buni Ikkinchi jahon urushi davridan beri eng murakkab amaliyot deb ta’riflaydi.

Amerika mudofaasi eng ko’p yonilg’i iste’mol qiladigan tizim. Dizel va benzindan tashqari, reaktiv samolyotlarning o’zigagina Afg’onistonga kuniga ming tonnaga yaqin yonilg’i yetkazib beriladi. Xarajatlari ham shunga yarasha.

So’nggi payt xalqaro koalitsiya qo’shinlarini zarur anjomlar bilan ta’minlashda Shimoliy Ta’minot tizimiga tayanmoqda. Bu Rossiya qatorida Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini o’z ichiga oladi. Yukning ko’pi O’zbekiston va Turkmanistondan o’tadi.

Yonilg’ini saqlash va muntazam ta’minotni yo’lga qo’yish uchun AQSh Afg’onistonning turli qismlarida yirik omborxona va rezervuarlar qurishni ham rejalagan. Bagrom harbiy bazasida eng yirik shunday inshoot 25 million dollarga tushadi.

Xulosa shuki, Afg’onistondagi operatsiya Iroqdagisidan ko’ra ikki-uch baravar qimmatga tushadi. Har bir zobitga ketadigan xarajatlar yiliga bir million dollar. Hozir Afg’onistonda qariyb 70 ming askar xizmatda. Kelasi 1,5 yilda ular soni 100 mingdan oshadi.

XS
SM
MD
LG