Breaking News

Nauru oroli Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan oldi


Tinch Okeani mintaqasida joylashgan Nauru oroli Gruziyaning bo'lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiya mintaqalarini mustaqil davlat sifatida tan olgan. Qo'shma Shtatlar hududlarni Gruziyaning ajralmas qismi deb bilib, Nauru qarorini ma'ntiqsiz demoqda.

O'tgan yili rasmiy Moskva bo'lginchi respublikalarni mustaqil davlatlar deya tan olib, hamkor mamlakatlarni ham shunga chaqirgan. Hozircha AQShning ashaddiy tanqidchilari - Nikaragua va Venesuela Kreml da'vatiga quloq solgan.

Nauru 15 kvadrat kilometr maydonda joylashgan mitti orol davlat bo'lib, aholisi 11 mingni tashkil etadi. Iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan Nauru Rossiya yordami evaziga Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan olishga qaror qilgan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, dunyodagi eng kichik respublikaning ularni tan olishi umumiy siyosiy manzarani o'zgartirmaydi.

"Bu bo'lginchi respublikalarning xalqaro maydonda tan olinishiga zarracha ta'sir qilmaydi. Biz Gruziyaning hududiy daxlsizligini tan olamiz. Abxaziya va Janubiy Osetiyani uning ajralmas qismi deb bilamiz", - deydi AQSh rasmiysi.

Ian Kelli bu hol BMT Xavfsizlik Kengashining ko'plab rezolyutsiyalarida aks ettirilgan deydi. Shu hafta Qo'shma Shtatlar Abxaziyada o'tgan prezident saylovlarini ham tanqid qilib, na saylovlarni, na natijalarini tan olamiz degan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Nauru oroli qarorini olqishlab, ikki tomonlama aloqalarni yaxshilashga va'da bergan.

XS
SM
MD
LG