Barak Obama iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga chaqirmoda


Bugun Kopengagenda iqlim o'zgarishiga doir xalqaro anjumanning so'nggi kunida AQSh prezidenti Barak Obama nutq so'zlab, iqlim isishi real va jiddiy muammo, unga qarshi kurashish kerak dedi.

Prezident Obamaning aytishicha, gap hozir muammoning ko'lamida emas, balki insoniyatning unga nisbatan qanday chora ko'rishi haqida.

"Iqtisodiy jihatdan jahondagi eng qudratli davlat va shu bilan birga havoni eng ko'p ifloslantiruvchi mamlakatlardan biri sifatida Amerika iqlim o'zgarishini jiddiy qabul qiladi va unga qarshi kurashadi. Bunga doir xalqaro muzokaralarda faol ishtirok etyapmiz, Amerikada muqobil yonilg'i manbalarini rivojlantirishga sarmoya qilyapmiz, iqtisodiyotni toza va tejamkor qilishga doir qonunlar ustida ishlayapmiz.

Uning aytishicha, yonilg'i ishlab chiqarish va undan foydalanishning yangicha yo'llari topilsa, millionlab yangi ish o'rinlari yaratiladi, yangi sanoat rivoj topadi, Amerika jahon bozorida raqobatbardosh bo'ladi.

"Bu milliy xavfsizligimiz uchun ham muhimdir, chunki muqobil yonilg'i manbalari xorij neftiga tobeligimizni kamaytiradi", - deydi Obama.

Kopengagendagi anjuman natijalariga qaramay Amerika bu yo'ldan qaytmaydi, ammo barcha ishlarni jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda qilgan afzal, deydi AQSh prezidenti.

Ikki haftalik anjuman davomida davlatlar iqlim o'zgarishiga doir mukammal bitimni qabul qilish maqsadida muzokara qilgan, ammo hujjatning yakuniy ko'rinishi ko'p davlatlarni qoniqtirmayapti. Ular rivojlangan davlatlardan zaharli gazlarni chiqarish miqdorini keskin kamaytirishni so'ragan. Biroq bu talab yakuniy hujjatda aks etmagan.

Prezident Obama 2020 yilgacha chiqindi miqdorini 17 foizga, 2050 yilga borib esa 80 foizgacha tushirishni rejalaganmiz, deydi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, 17 foizdan ortig'iga ayni damda Kongress ko'nmaydi.

Rivojlanayotgan mamlakatlar boy davlatlardan iqlim o'zgarishiga qarshi kurash bilan bog'liq xarajatlari uchun yordam olishga umid qilmoqda. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton biz bunga tayyormiz deydi.

"Boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 2020 yilgacha yiliga 100 milliard dollar topishga harakat qilamiz", - deydi Klinton.

Anjumanda qabul qilinayotgan bitim, ko'plar kutganidek, mukammal emas, ammo unga asoslanib ish tutishimiz va kelajakda uni mukammallashtirishimiz kerak, deydi Barak Obama.

"Bizdan keyingi avlodlarga yorqin kelajak qoldirishimiz lozim. Bir fikrga kelmasak, muammo ko'lami yildan-yilga oshib boraveradi."

XS
SM
MD
LG