Cho'chqa grippi Afg'onistonda ham tarqala boshlagan


Jahon Sog’liqni Saqlash tashkilotining bildirishicha, urush va beqarorlik Afg’onistonning olis hududlari, qishloq joylarida ish borishni ancha qiyinlashtirmoqda.

Tashkilot mutaxassislari mamlakat shimolida H1N1, cho’chqa grippi tarqala boshlaganidan xavotirda.

Afg’onistonning bu qismlari nisbatan tinch bo’lsada, odamlar qish sovug’ida va qalin qor sabab bir necha oy tibbiy yordamdan mahrum bo’ladi, deydi mutaxassislar.

Jahon Sog’liqni Saqlash tashkilotining Afg’oniston bo’yicha vakili Piter Graffning aytishicha, so’nggi payt mamlakatda infeksion kasalliklar keng tarqalmoqda.

“34 viloyatdan 18 tasida cho’chqa grippini aniqladik. Kasallanganlar soni rasmiy ma’lumotlarda ming kishi deb ko’rsatilgan, aslida bundanda ko’p. Asosan shimolda – Hirot, Mozor-i Sharif, poytaxt Kobul va Bagrom aviabazasi atrofida”, - deydi Piter Graff.

Afg’onistonda H1N1 virusi ilk bor harbiylar orasida, afg’on armiyasi va xalqaro koalitsiya a’zolarida topilgan edi. Hozirda bolalar va homilador ayollarga ham o’tgani aytilmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Jahon Sog’liqni Saqlash tashkilotiga virusga qarshi 200 million vaksina va’da qilgan. Shundan qariyb 3 millioni Afg’onistonga tegadi va 10 foiz aholini emlash uchun yetarli. Yaqin kunlarda yetkaziladigan 500 ming dori bilan birinchi navbatda tibbiyot xodimlari emlanadi.

XS
SM
MD
LG