Bunday qarasang, rostdan saylovday, partiyalar, deputatlar bor...


Keyingi yakshanba - 27 dekabr kuni O'zbekiston fuqarolari Oliy Majlis, viloyat va shahar kengashlariga deputatlarni saylaydi.

Sharhlovchilar saylov kampaniyasi sust, nomzodlar va saylovchilar o'rtasidagi aloqa cheklangan bir sharoitda o'tayotganini ta'kidlamoqda.

Markaziy Saylov komissiyasi 250 dan ortiq xalqaro kuzatuvchini ro'yxatga olgan. O’zbekiston matbuoti va televideniyeda saylov targ'iboti keng yoritilayotgan bo'lsada, aholi orasida saylovga qiziqish, ishonch kuzatilmaydi.

Mahalliy faollar ta’biricha nafaqat saylov natijasi, balki saylovchilar ishtiroki qanday bo'lishi ham oldindan belgilab qo'yilgan.

“Hali saylaydigan odamning o'zi yo'q. Hech kim bilan tanishmadik, endi pul bilan to’g’rilayotgan bo'lsa kerak-da”, - deydi fuqarolardan biri.

Viloyatdagi saylovchilardan biri 2004 yilda o'tgan saylovlar doirasida nomzodlar bilan uchrashuvlar bo'lganini eslarkan, bu yil hech qanday uchrashuvlar kuzatilmayotganini ta'kidlaydi.

Toshkentlik bir saylovchi uchrashuvlar o'tganidan xabari bor, biroq ular foydasiz deydi.

“Avvaliga borib bir fikrlarimni aytib kelay dedim, lekin keyin yana aynidim. Ko'rmayin ham, kuymayin ham degan mazmunda. U yerda oddiy xo'jalik muammolar haqida gap bo'lishi mumkin. O'zbekiston miqyosidagi biror muammo haqida gap bormaydi. Saylovlar avvalgilari kabi o'tadi, shu bois odamlar unga bir qiziqish bildirayotgani yo'q”, - deydi u.

Xalq vakilligi uchun kurashayotgan nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvga oshiqmaydi

“Saylovga yetti kun qolayapti. Hozircha biron munozaralar kuzatilmaydi. Bular uchrashuvlarda inqilobiy vaziyat paydo bo'lishidan qo'rqishmoqda. Chunki muammolar juda ko'p. Partiyalarning dasturlarini eshitib boraman - maqtanchoqlik, yaxshi gaplar ham bor, lekin aniq harakat, tanqidiy fikrlar yo'q”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

Aholining siyosiy faol qismi saylovlar taqdiri oldindan belgilangan, deputatlik o'rinlari taqsimlab bo'lingan deydi.

“Birorta nomzod xalq bilan uchrashuvga borib nima haqda gapirish mumkinligini bilmaydi. Xalqdagi gapga ko'ra ular saylanib bo'lgan, partiyalar biri-biridan farq qilmaydi. Prezident yetakchiligida qonunlarni ishlab chiqishda bizning nomzod faol ishtirok etadi, shuning uchun ovoz bering deydi. Hozirgacha ishlangan qonunlardan xalq manfaat ko'rgani yo'q. Xalqning savoli bor nomzodga, lekin ular bu savolga javob berolmaydi. Shuning uchun ham uchrashuvlar yo'q”, - degan fikrda mahalliy faollardan biri.

O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi jarayon adolatli, demokratik o'tishi haqida ta'kidlab keladi. Saylovda qatnashayotgan rasmiy partiyalar ham shunday fikrda.

Partiyalarning matbuotda, televideniyeda yoritilayotgan saylovoldi dasturlarida ko'proq umumiylik ko'zga tashlanadi.

Xalq Demokratik partiyasi ijtimoiy muammolar, jumladan aholini ish bilan ta'minlash dasturini ko'tarmoqda.

O'zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish shiorini ko'targan.

Milliy Tiklanish partiyasi sog'liqni saqlash, qishloq joylarda ayollarni ish bilan ta'minlashga ahamiyat qaratmoqchi.

"Adolat" Sotsial-demokratlar partiyasi ijtimoiy muhofaza, turli qatlamlarning huquqlarini ta'minlashga e'tirborni kuchaytirmoqchi.

O'zbekiston Ekologlar harakatining maqsadlari atrof-muhit muhofazasiga yo'naltirilgan.

Biroq partiyaviy nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvga chiqayotgani kuzatilmaydi.

“Saylovchilar bilan uchrashadigan bo'lsa, ular savollar ostiga ko'milib ketadi. Birortasi bu savollarga javob bera olmaydi, chunki javob berishidan oldin buni tegishli organlar bilan kelishib olishi kerak. Xalqdan chiqayotgan savollar nimaligini bilishi kerak. Hozir xalq bilan hukumat o'rtasida katta jarlik bor. Deputatlar o’zi uchun yashaydi, xalq o’zi uchun yashaydi, bundan keyin ham shunday ketaveradi”, - deydi faollardan biri.

Matbuot va televideniyedagi targ'ibotlar aholida qiziqish uyg’otmoqda deyish qiyin.

“Televideniyeda saylov haqida ko'rsatuv boshlandimi, darhol boshqa kanalga olaman”, - deydi fuqaro.

Aholining aksariyat qismi saylovlarga, partiya dasturlariga befarq. Mahalliy faollarga deputatlarning qaysi bir partiyadan saylanishi ahamiyatsiz, ularning vazifasi asosan qarsakbozlikdan iborat, deydi.

“Odamlar nomzodlarning qo’lidan bir siyosiy ish kelmasligini bilib, shu mahalladagi gaz, suv muammolarini hal qilmoqchi. Joylarda yig'ilishlar bo'lib turibdi, men o'zim bormadim, lekin borib xafsalasi pir bo'lganlar aytayapti. Odamlarda qiziqish qolmagan. Men o'zim saylovga bormayman, lekin baribir borgan bo'lib chiqaman. Ertaga 95 foiz odam saylovga qatnashdi deb chiqaradi. Agar vatan uchun talashib-tortishadigan biror nomzod bo'lganda, men butun oilam bilan saylovga chiqardim”, - deydi mustaqil jurnalist Nosir Zokir.

O'zbekiston hukumati saylovlarni muhim siyosiy voqea sifatida e'tirof etmoqda. Hukumat bunday e'tirof xalqaro darajada ham tasdiqlanishidan umidvor.

Buning uchun xorij davlatlari va turli xalqaro tashkilotlardan mamlakatga 300 ga yaqin kuzatuvchi taklif qilingan. Ayni paytda ularning bir qismi saylovlarga tayyorgarlik jarayonini kuzatmoqda.

Hukumatdagilar odamlarni kutib olish, mehmon qilishning piri bo'lib ketishgan

“Ular keladi-ketadi, bu hech narsaga ta'sir qilmaydi. Mamlakat muammolari qoladi, saylovdan keyin ham yuzaga chiqadi”, - deydi Shosalimov.

Xalqaro kuzatuvchilarning o'zbek matbuotdagi chiqishlariga ko'ra saylovga tayyorgarlik yuqori darajada amalga oshrilgan.

MDH kuzatuvchilari missiyasi shtabi rahbari o'rinbosari Yevgeniy Slobodaning O'zbekiston Axborot agentligiga bergan intervyusiga ko'ra, u mamlakatda o'tgan avvalgi saylovlarda ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. O'zbekistonda saylovchilar xohish-irodasini yuzaga chiqarish uchun yuksak imkoniyatlar mavjud, deydi u.

Sharhlovchilarga ko’ra, demokratik tamoyillarga muvofiq hukumat siyosiy boshqaruvda xalq ishtirok etayotganini ko'rsatishga majbur. Aslida parlament saylovlari xalq uchun emas, ko’proq xalqaro jamoatchilik uchun o'tmoqda.

“Avvalgi saylovlardan ham bilamiz MDHdan kelgan kuzatuvchilar O'zbekistonda yangilik bo'libdi, saylov uchastkalarida ona va bola xonasi tashkil qilinibdi, bu yangilik deb ketishgan edi. Bu yil ham shunday qilib ketishadi, hozirdan rejalarini tuzib olishgandir. Men o'zim saylovga bormasam kerak, lekin 97,6 yoki 97,7 foiz baribir bo'ladi. Demak, buning nima ahamiyati bor”, - deydi Vijdon tutqinlarini ozod etish qo'mitasi rahbari Bahodir Namozov.

Sharhlovchilarga ko'ra, demokratik saylov xalq irodasini, mamlakat kelajagini belgilovchi muhim jarayon. Salkam yigirma yildirki, O'zbekiston aholisi bunday imkoniyatdan mahrum qilingan.

Hozirgacha saylash va tanlash imkoniyatini beruvchi haqiqiy demokratik saylovlar o'tmagan. Aksariyat odamlar xalq ovozi biror ahamiyatga ega emas deb ishonadi. Aholining navbatdagi saylovlarga befarqligi ham shu ishonchsizlik bilan izohlanadi.

Mayli, "Erk", "Birlik" bo'lmasin, lekin mustaqil fikrlaydigan nomzod bo'lsin

“Bunday qarasang, rostdan ham saylov, to'rtta nomzod, xohlaganingni tanla. Lekin hammasi hukumatning odamlari bo'lib chiqadi. Bu endi haqiqiy saylov emas, muxolif fikrlaydigan kishilar bo'lishi kerak. Mayli, “Erk” yoki “Birlik”ning vakili bo'lmasin, lekin mustaqil fikrlaydigan bo'lsin. Parlamentga borgandan keyin ham bir erkin gapiradigan tizim bo'lishi kerak. Shu tizimning o'zi yo'q. Hozir hukumat qo'rqmasa ham bo'ladi. Faqat qarsak chaladigan deputatlar keladi, qaysi partiyadan saylasangiz ham”, - deydi Nosir Zokir.

O'zbekiston Qonunchilik palatasidagi deputatlik o'rinlari 150 ga ko'paytirildi. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, bu o'rinlar uchun to'rt partiyadan ko'rsatilgan 500 dan oshiq nomzodlar kurashmoqda.

XS
SM
MD
LG