AQSh musulmonlari yoshlarni terrorizmdan qaytarish yo'lini izlamoqda


Amerikada 7 millionga yaqin musulmon yashaydi.

Yaqinda Texas shtatida ro’y bergan otishma va Pokistonda amerikalik musulmon talabalar hibsga olingani ketidan, terrorizm borasidagi bahslar yana avjida.

Pokiston politsiyasiga ko’ra, 19-25 yoshdagi bu talabalar Tolibon safida jang qilish uchun Afg’onistonga yo’l olayotgan bo’lgan.

Yoshlarni ekstremistik mafkuradan saqlashga bel bog’lagan musulmon tashkilotlar yangi kampaniya boshlamoqda.



AQShda islom jadal sur’atda o’sib borayotgan din. Bu yerda ikki mingga yaqin masjid faoliyat yuritadi.

Virjiniya shtatida joylashgan yirik masjidlardan biri – Adams markazidamiz. Bu yerdagi sport zalida har seshanba basketbol o’yini. Jamoa yetakchilari mahalla yoshlarini ana shunday musobaqalarga jalb qilib turadi.

O’yindan so’ng bolakaylar uchun alohida mashg’ulotlar tashkil qilinadi. Kechki payt jamoa a’zolari birgalikda namoz o’qiydi.

Besh amerikalik musulmon Pokistonda hibsga olingani haqidagi yangilik bu yerda xavotir bilan qarshi olindi. Bu yoshlar qo’shni mahalladan edi. Ularning jangari guruhlar bilan aloqa qilgani tekshirilmoqda.

Sayyod Ahmad masjidda sport o’yinlari koordinatori. Bu shumxabarni eshitib, nima deyishni ham bilmay qoldik, deydi u.

“Bir tomondan, ularning oilalari va jamoamiz bu haqda tegishli idoralarni o’z vaqtida xabardor qilgani ijobiy hol. Lekin afsus, biz bilan salom-alik qilib yurgan tengoshlarimiz to’g’ri yo’lgan ozgan bo’lsa”, - deydi u.

Adams markazi yoshlarni har jihatdan qo’llab-quvvatlab keladi.

“Bir-biri bilan tanishib, suhbat qurishga, fikr almashishga, do’st orttirishga nima yetsin. Inson borki, ko’pchilik tomon talpinadi. Masjidimiz ana shunday bir joy”, - deydi Sayyod Ahmad. “Diniy, hayotiy yoki boshqa bir savol tug’iladimi, bemalol kelib tavsiya-maslahat olish mumkin. Eshiklarimiz doimo ochiq”.

Imom Johariy Abdulmalikning aytishicha, yoshlar internetda ma’lumot qidirayotib, qurolli to’qnashuvlar va ularda dindoshlari halok bo’layotganini ko’rib, ko’pincha ikkilanib qoladi. Dunyoda bo’layotgan voqealarni to’g’ri tahlil qilish uchun ularga ko’mak berish, yo’l ko’rsatish lozim, deydi u.

“Internet - jangari guruhlar uchun strategik vosita. Video bayonotlari bilan yoshlarni ular safiga qo’shilishga undaydi. Vazifamiz yoshlarga qaratilgan propaganda ta’sirini cheklash”, - deydi imom.

Yosh avlodni narkotiklar va jinoyat yo’liga kirib qolishdan asrashning o’zi yetarli emas. Yangi tahdidlar paydo bo’lgan, deydi Abdulmalik.

“Ota-ona tabiiyki farzandini jamiki balo-qazolardan himoya qilishga, zehnli, bilimga chanqoq qilib tarbiyalashga harakat qiladi. Biroq ichki tahdidlar, bola ongida nimalar kechayotgani e’tibordan chetda qolmoqda. Ana shu jabhada ko’proq ish olib borish zarur”, - deb mulohaza qiladi jamoa yetakchisi.

Amerika-Islom Aloqalari kengashi rahbari Nihad Avad Pokistonda so’roq qilinayotgan yoshlarning oilalari va AQSh Federal Qidiruv byurosi o’rtasida vositachilik qilmoqda. Internetdan kelayotgan tahdidga qarshi kurash yo’llari haqida o’ylash kerak, deydi u.

“Ekstremist guruhlar ishsiz, hayotdan norozi yoshlarni o’z tomoniga og’dirish uchun turli usullardan foydalanyapti. Biz ularga Islom dinining asl mohiyatini tushuntirishimiz, mulohaza bilan ish yuritishni o’rgatishimiz kerak. Toki ularga ergashish xayoliga ham kelmasin”, - deydi Nihad Avad.

Adams markazida bu borada ish boshlab yuborilgan.

Ota-onalarga internet orqali berilayotgan ma’lumotlar ta’siri, farzandlar global tarmoqda mana bu narsalarni o’qiy oladi, tinglay oladi, deb ogohlantirilmoqda.

Muhimi, deydi Sayyod Ahmad, yoshlar haqiqiy musulmonning shiori tinchlik va ezgulik ekanini tushunib yetishi lozim.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG