Obamaning sog'liqni saqlashga doir loyihasi yana bir dovondan oshdi


Prezident Obamaning sog’liqni-saqlash tizimini isloh qilish loyihasi AQSh Senatida ma’qullandi. Hujjat sal oldin Vakillar Palatasida tasdiqlangan. Endi har ikki palata o’zaro kelishib olishi kerak.

Kecha kech soatlargacha davom etgan muzokarada respublikachi 40 senator qarshi ovoz berganiga qaramay, demokratlar bir ovozdan va ikki mustaqil senator ko’magida - jami 60 senator loyihani ma’qulladi.

100 a’zolik Senatda ko’pchilikni tashkil etgan demokratlar partiyasi vakili, Nevada shtatilik senator Garry Rid so’zga chiqib, “sug’urtasi bo’lmagani sabab, har daqiqada bir amerikalik davolanish imkoni bo’lmay, jon bermoqda” dedi.

“Jahondagi eng qudratli va eng boy mamlakat bo’la turib, rivojlangan davlatlar orasida shu xalq sog’liqni saqlash ne’matidan to’la bahramand emas”,- deydi senator.

Davlat sug’urta ishiga ko’proq aralashuvidan xavotirda ekanini aytgan respublikachilar vakili, Kentukki shtati senatori Mitch Makkonnell esa “qabul qilingan loyiha orqali davlat xarajatlari ortadi, lekin mavjud muommolar yechilmaydi” deb hisoblaydi.

“Bugun ovozga qo’yilgan hujjat har bir amerikalikning hayotiga ta’sir qiladi. Mamlakat istiqbolini shakllantiradi. Kelgusi avlodlar biz qoldiradigan merosni ko’taradimi, yo’qmi – noaniq”, - deya qarshilik bildiradi qonunchi.

Prezident Obama olg’a surgan, biroq sal o’zgargan loyiha, ham Vakillar Palatasi, ham Senatda qabul qilinishi aslida Oq Uy uchun ga’laba hisoblanadi. Endi har ikki palata bu loyihani yana bir bor muhokama qilib, murosaga kelishi kerak. Hujjat yil oxirigacha ma’qullansa, prezident Barak Obamaga imzo uchun taqdim etiladi.

XS
SM
MD
LG