Xalqaro hamjamiyat Kambodja qarorini tanqid qilmoqda


AQSh hukumati, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu yoz Xitoyda ro'y bergan tartibsizliklar ketidan boshpana izlab Kambodjaga qochgan 20 nafar uyg'urning Xitoyga deportatsiya qilinishini tanqid qilmoqda.

Xitoyning Shinjon-uyg'ur muxtor viloyati ma'muriy markazi Urumchida mahalliy uyg'urlar va xitoylar o'rtasida yuz bergan etnik nizolardan so'ng rasmiy Pekin ta'qibidan qochib nasroniy missionerlar ko'magida Kambodjaga sig'ingan 20 nafar uyg'ur, Xitoy vitse-prezidenti Si Zinpinning Kambodjaga rasmiy safari arafasida maxsus samolyot bilan Xitoyga qaytarilgan edi. Xitoy hukumati bu uyg'urlarni Urumchidagi voqealarga aloqadorlikda ayblaydi. BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligi nazarida ular vatanida qiynoq va hatto o'lim jazosi bilan yuzlashishi mumkin.

Ba'zilar nazarida Xitoy vitse-prezidenti Kambodjada jami bir milliard dollarlik kelishuvlarga qo'l qo'ygan va rasmiy Pnompen buning evaziga uyg'urlarni deportatsiya qilishga rozi bo'lgan. Vashingtonda asoslangan Uyg'ur-Amerika tashkiloti rahbari Robiya Qodir Wall Street Journal gazetasida chop etilgan maqolasida Xitoyni uyg'urlarni qo'lga olish uchun Kambodja hukumatiga millionlab dollarlik yordam orqali bosim o'tkazganlikda ayblaydi.
Xitoy mulozimlari esa buni rad etib, uyg'urlar Urumchidagi qo'zg'olonga aloqador ekanini da'vo qiladi.

Yevropa Ittifoqi prezidentligi navbatini qabul qilgan Shvetsiya bayonot chiqarib, Kambodja qarori xalqaro normalarga zid ekanini qayd etgan. AQSh Davlat departamenti ham xalqaro tashkilot orqali siyosiy boshpana so'ragan uyg'urlarni Xitoyga deportatsiya qilgan Kambodja hukumati qaroridan afsusda ekanini aytib, AQSh-Kambodja aloqalariga dog' tushirishini ta'kidlagan.

XS
SM
MD
LG