AQSh Eronni mas'uliyatli bo'lishga chaqirmoqda


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod AQShning Tehron yadro dasturi bo'yicha bu mamlakatga yil oxirigacha bergan muhlatini rad etib, Amerikaning muhlat qo'yishga haqqi yo'q, u o'z muomalasini o'zgartirishi zarur degan.

Barak Obama "Eron yil oxirigacha xalqaro hamjamiyatning atom dasturi bobida hamkorlik qilish evaziga siyosiy va iqtisodiy yordami haqidagi taklifini qabul qilmasa, BMT Xavfsizlik Kengashi uni yangi sanksiyalar bilan jazolaydi" degan edi.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Ahmadinejod masalani jiddiy qabul qilishi lozim.

Dunyo hamjamiyati Erondan aniq qadamlar kutmoqda. Atom dasturi borasida niyati xolis va pok ekaniga isbot ko'rmoqchi, deydi AQSh rasmiysi.

BMTning Atom energiyasi bo'yicha agentligi Eronga kam boyitilgan urani evaziga yadro yonilg'isini berish taklifi bilan chiqqan edi.

Taklif kuchini yo'qotgani yo'q, hamma narsa Eron prezidentiga bog'liq, deydi Robert Gibbs.

"Eron xalqaro majburiyatlarini bajarishi lozim, aks holda unga shunga yarasha muomala qilinadi".

Gibbsning aytishicha, ayni damda Eronga, rad javobi olingan taqdirda, qanday jazo qo'llash muhokama qilinmoqda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Britaniyaning "Times of London" gazetasida "Eron yadro qurolini harakatga keltiruvchi moslama ustida ishlayapti" degan xabarini inkor etib, bu AQSh hukumati uydirmasi deydi. Gazeta unda Eronning bu rejasini tasdiqlovchi hujjat nusxasi borligiga ishora qilgan.

Ahmadinejod hujjatlar qalbaki, ularni Amerika hukumati tarqatmoqda, deydi.

XS
SM
MD
LG