Xorij matbuoti: O'zbekistonda aldamchi saylovlar, G'arb sukutda


O’zbekistonda yakshanba kuni parlament saylovlari. Xorij matbuoti nazarida G’arb davlatlari Afg’oniston bobida Toshkent yordamiga muhtoj ekani bois bu soxta saylovga ko’z yumadi.

AQShning Financial Times⇒ gazetasi kechagi sonda shu mazmunda maqola chop etgan.

“O’zbekistonda aldamchi saylovlar – G’arb sukutda” sarlavhali maqolaga ko’ra, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mazkur saylovni kuzatish taklifini rad etgan.

Tashkilot izohicha, O’zbekistonda fundamental, ustuvor huquq va erkinliklar hamon cheklangan, fuqarolarda tom ma’noda tanlash imkoniyati yo’q, xalqaro tashkilotning avvalgi tavsiyalari inobatga olinmagan, O’zbekistonda bu borada biror rivojlanish yo’q.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti bu saylovlarni ko’zbo’yamachilik deya ta’riflamoqda.

Vashingtonda joylashgan Strategik va Xalqaro izlanishlar markazi vakili Endryu Kuchins fikricha, O’zbekiston AQSh bilan harbiy hamkorlikdan unumli foydalanmoqchi. “Rasmiy Toshkent mavjud siyosiy tuzumni oqlab, Rossiyaning mintaqaga harbiy ta’sirini cheklashga urinadi”, - deydi olim Financial Timesga bergan intervyusida.

Reuters⇒ axborot agentligi tahlilicha, G’arb Afg’oniston masalasida Islom Karimov madadiga tayanadi. Shu bois huquq bobida avval tanqidlarni yog’dirgan Yevropa va AQSh hozir jim.

O’zbekistonda muxolif partiyalar yo’q, mamlakatdagi saylovlar hech vaqt adolatli va erkin deb tan olinmagan. Aksariyat faollar qamoqda yoki quvg’inda.

Huquq himoyachisi Sur’at Ikromov mamlakatda pessimizm-tushkunlik kayfiyati hukmron; saylovdan umid yo’q, deydi.

Reuters axborot agentligi O’zbekistondagi saylovda qatnashayotgan to’rt siyosiy partiya va Ekologlar harakati bilan bog’lanishga uringan, biroq javob olmagan. Tashqi ishlar vazirligi saylov bobida izoh berishdan bosh tortgan. Ammo rasmiy matbuot jarayonni demokratik deya ta’riflab keladi.

XS
SM
MD
LG