Barak Obama prezidentligining birinchi yili muhokamada


Barak Obama prezidentligining birinchi yili nihoyasiga yetar ekan, u muhim deb belgilagan masalalar hamon yechimini kutmoqda. Iqtisodiyot tanazzul asoratlaridan hali-beri qutulgani yo'q. Afg'onistonda harbiy harakatlar avjida. Prezidentlikning ilk yili Obama uchun qanday kechdi?

Prezident Obama 2009 yilda asosan iqtisodiy muammolar bilan band bo'ldi. Global moliyaviy tanazzuldan lat yegan ekonomikani tiklashga urindi.

Jurnalist Natan Gonzalesning aytishicha, prezidentning kelasi yil davomidagi faoliyati noyabrda bo'ladigan Kongress saylovlariga bevosita ta'sir qiladi.

"Prezident va demokratlarga shu narsa pand berishi mumkinki, iqtisodiyot yomonlashsa, hamma aybni ularga to'nkaydi. Bu esa saylov kuni demokratlarga mag'lubiyat keltirishi tabiiy", - deydi Gonzales.

So'nggi iqtisodiy ko'rsatkichlarga ko'ra, vaziyat asta-sekin yaxshilanmoqda. Biroq ishsizlik sur'ati hali ham yuqori. Respublikachilar qo'mitasi sobiq raisi Ed Jilspining aytishicha, aksariyat amerikaliklar nazarida ishsizlik ortib borayotganiga Obama aybdor.

"Ularning arzi shuki, qo'shimcha xarajatlar, ichki qarzlarning ko'payishi, davlatning iqtisodiyot, banklar va avtosanoat faoliyati, sog'liqni saqlash tizimi va energetika sohasiga aralashuvi ana shunday natijaga olib keldi", - deydi Jilspi.

Prezident tarafdorlari nazarida esa Obama aksincha ishsizlarga yordam berib, ish o'rinlarini asrab qolishga muvaffaq bo'ldi.

Mutaxassis Robert Borosejning aytishicha, prezident qo'l qovushtirmay o'zini katta muammolarga urdi.

"Obamaning iqtisodiyotni tiklash dasturi esa vaziyatning bundanda yomonlashishiga yo'l qo'ymadi".

Afg'oniston mazvusiga kelsak, mamlakatda zo'ravonlik kuchaymoqda, Amerikada urushni qo'llab-quvvatlovchilar soni kamayib bormoqda. Hattoki prezidentning Kongressdagi partiyadoshlari ham Obamaning Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish qarorini tanqid qildi.

Siyosiy sharhlovchi Natan Gonzalesning aytishicha, prezident Obamaning Iroq va Afg'oniston bo'yicha siyosati samara bermasa, bu demokratlarga Kongress saylovlarida qimmatga tushadi.

Respublikachilar sobiq sardori Ed Jilspi nazarida ham Afg'oniston prezident uchun katta muammo bo'lishi mumkin.

"Amerika prezidenti zimmasida yengil masalaning o'zi yo'q. Ularning hammasi murakkab. Obama prezidentlikka saylanish va prezident bo'lish o'rtasidagi farqni anglab yetgan degan fikrdaman".

Afg'oniston va iqtisodiyotdan tashqari, Obama oldida boshqa qiyin masalalar ham yotibdi - immigratsiya siyosati, iqlim o'zgarishiga doir qonun loyihasi, muqobil energiya sohasida qo'shimcha ish o'rinlari yaratish.

"Har bir qonunchi qayta saylanish umidida ekan, prezident uchun ba'zi munozarali qonunlarni Kongressdan o'tkazish qiyin bo'ladi", - deydi Natan Gonzales.

Yana bir tahlilchi Deyvid Fram fikricha, Obamaning sog'liqni saqlash va boshqa sohalardagi islohotlari hali beri natija bermaydi.

"2010 yilda nima bo'lishini hech kim bashorat qila olmaydi. Ammo bu islohotlar hozir meva bermasligi aniq", - deydi u.

XS
SM
MD
LG