Yilni yakunlab bergan saylovlar: o'zgarish bo'ladi degan umid bor


Mustaqillikning yana bir yili ortda qolmoqda. O'zbekistonliklar fikricha, 2009 yil muammolar keskinlashishi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot og'irlashishi bilan yodda qoladi.

Shunday bo'lsa-da, fuqarolar qiyinchiliklar ortda qolib, kelasi yil unumliroq, omadliroq, erkinroq bo’lishidan umidvor.

O'zbekistonda Oliy Majlis, viloyat va shahar kengashlariga deputatlar saylangan. Jarayonni kuzatgan faollar fikriga ko'ra, uni umumxalq saylovi deb atash qiyin→.

Qiziqish yo'q. Bir narsa amalga oshsagina xalq qiziqadi. Mendan 50 metr narida saylov uchastkasi bor. Odamlarning jam bo'lib kelayotganini ko'rmadim. Ertalab ham oshga chiquvdik. Yunusobodga ketishda bir necha saylov uchastkalarini ko'rdim, odamlarda qiziqish yo'q. Bunchalik bo'lish kerak emasda! Saylov degan bilan ular saylanib olib, o'ziga xon, o'ziga bek, joylarini qurib olgan. Xalq bilan ishi yo'q”, - deydi u.

Parlament saylovlari yil yakuniga to'g'ri kelmoqda. 2009 yilning qanday o'tgani haqida oddiy fuqarolar va rasmiy siyosiy doiralarning qarashlari keskin farq qiladi. Hukumat uchun, hukumat doirasidagi siyosiy kuchlar uchun O'zbekiston parlamenti saylovlari yilning muhim voqeasi bo'ldi. Mamlakat 2010 yilni yangi tarkibdagi parlament bilan boshlaydi.

Deputatlik o'rinlari amaldagi partiyalar o'rtasida taqsimlanadi. Biroq tarkibi yangilangan parlamentning mamlakat hayotida bir o'zgarish qilishi yoki oddiy aholining muammolariga yaqinlashishi kutilmaydi.

“Saylov bu juda katta siyosiy tadbir. Saylov xalq uchun hukumatni tinch yo'l bilan almashtiradigan muhim usul. Bu usul xalqning qo'lida bo'lishi kerak. Lekin hokimiyat to'lig'icha uni o'z qo'liga olib qo'ydi. Shunday ekan, saylov o'z ahamiyatini butunlay yo'qotdi deyishga asos bor. Hokimiyatni almashtirish uchun saylovdan foydalanish mumkin emas. Jamiyatdagi holat – umidsizlik. Odamlar ovoz berish hech narsani o'zgartirmasligiga amin bo'lishgan”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Sharhlovchilarga ko'ra, siyosiy partiyalar o'zlaridan talab qilingan tomoshani ko'rsatib berishdi, xolos.

“O'zbekistonga qancha davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar kelishdi. Ular uchun bir tomosha ko'rsatish kerak edi. Partiyalar shu tomoshani ko'rsatib berishdi, bundan keyin ularni ham jilovlab qo'yishadi”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.

Muxolif partiyalar, huquq himoyachilari 2009 yilni to'xtamayotgan tazyiq va ta'qiblar ostida o'tgan yillarning navbatdagisi deb qabul qilishadi. Joriy yil yana bir necha huquq himoyachisi panjara ortiga tashlangan.

“Avvalgi yillar hukumatning huquq himoyachilariga munosabati qanday bo'lsa, bu yil ham shunday, o'zgarishsiz qoldi. Bizni fuqarolik jamiyatini qurishdagi ko'makchilar emas, balki davlat dushmanlari sifatida ko'rishadi. 2009 yilda ham farg'onalik huquq himoyachisi G'anixon Mamatxonov 5 yilga, Farhodbek Muxtorov to'rt yilga qamaldi. Oyazimxon Xidirovaga nisbatan jinoiy ish ochilib, so’ngra sud zalidan ozod qilindi. Xullas, biror o'zgarishlar kuzatilayotgani yo'q”, - deydi Vijdon tutqinlarini ozod qilish qo'mitasi rahbari Bahodir Namozov.

Muxolif partiyalar hamon ta'qibda, ro'yxatga olinmagan, siyosiy jarayonlarga yo’latilmaydi. Muxolifatga ko’ra, 2009 yil hukumat va siyosiy hayotdan chetlatilgan diniy guruhlar o'rtasidagi ziddiyatning qurolli to'qnashuvga aylanayotgani ochiq ko'rina boshlagan. 2009 yilda kuzatilgan portlashlar, otishmalar shundan darak bermoqda.

O'zbekiston aholisi, asosan, islomga e'tiqod qiluvchilar bo'lgan bir paytda dindorlarning hokimiyatdan uzoqlashtirish davom etayotgani ta'kidlanadi. 2009 yilda siyosiy hayotdan chetlatilgan diniy va dunyoviy muxolifatda uyg'unlashish boshlangani qayd etiladi.

“2009 yilda muxolifat hayotida ham o'zgarishlar bo'ldi. O'zbekiston aholisining mutlaq ko'pchiligi islom diniga ishonuvchilar, lekin bu ko'pchilik hokimiyatdan chetlatilgan. Na saylovda qatnasha oladi, na boshqa siyosiy jarayonlarda. Bu ko'pchilik na siyosiy tizimda, na muxolifatda bor. Ularning hokimiyat bilan aloqasi yo'q, chetlatilgan, hokimiyat bilan ziddiyatlari keskinlashib bormoqda. 2009 yilda shu diniy ko'pchilik bilan muxolifat o'rtasida ittifoq tuzildi. 13 may ittifoqi tuzildi. 2010 yilda bu narsa davom etadi. Demokratiya islomning dushmani deb yurganlar, dushman bo'lsa ham ular bilan hamkorlik qilish kerak degan qarorga kelishining o'zi juda muhim”, - deydi Otanazar Oripov.

2009 yil nafaqat ishsizlar, balki ish bilan ta'minlangan aholini ham qo'shimcha muammolar bilan to'qnash keltirdi. Maosh, nafaqalarni ushlanib qolish, naqd pul taqchilligi odamlar ruhiyatini yanada cho’ktirgan→.

“Kartochkaga supermarketda narsa oling deydi. Men avval supermarket bilan bozorning narxini bir xil qilib qo'y dedim. Sen bankni yeb yotibsan, sen supermarketdan narsa olishing mumkin, men ololmayman, dedim. Biz umuman naqd qilolmaymiz, deydi, majburman desam ham yo'q dedi. Oyligimning 50 foizini kartochkaga o'tkazgan, bankdan bir so'm bermasdan ko'kragimdan itarib chiqarib yubordi”, - deydi o'z maoshini olish uchun bankka borgan fuqarolardan biri.

2009 yil O'zbekistonda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi” yili deb e'lon qilingan edi. Bu yil mamlakatda yuzlab fermerlar inqirozga uchradi. Hukumatning fermer xo'jaliklarini optimallashtirish haqidagi qarori qishloqdagi ishsizlar sonini yanada oshirdi. Ma'lumotlarga ko'ra, 2010 yil ham fermerlar uchun imkoniyatlar olib kelayotgani yo'q. Ayni paytda fermer xo'jaliklarini qayta ro'yxatdan o'tkazish, ustav jamg'armasini yangitdan shakllantirish uchun fermerlardan faqat naqd pul talab qilinmoqda.

“Fermerlar qo’ldan kelgancha harakat qilayapti, masalan, yil boshida 4-5 sigiri bo'lgan bo'lsa, yil davomida yugur-yugur bilan ulardan ikkitasi ketgan. Endi esa ustav jamg'armasiga pul qo'yish kerak bo'layapti. O'sha qolgan ikki sigirdan bittasini sotib shu pulni qo'yayapti”, - deydi fermer.

O'tayotgan yil mamlakatdagi nochor qatlam, ishsizlar uchun biror yengillik bermadi. Kelayotgan yil ham ishsizlar qatlami uchun imkoniyatlar yaratishi gumon.

“2007, 2008 yillardagi kabi, 2009 yil ham shunday. Mening nazarimda yil o'tgan sayin iqtisodiy hayot tobora cho'kayotgandek, ijtimoiy hayot botqoqqa botib borayotgandek. Shu ma'noda 2009 yilda odamlarning turmushi yanada og'irlashdi deyish mumkin”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Mamlakatdagi ishsizlar soni haqida aniq ma'lumot yo'q. O'zbekiston aholisining 60 foizdan ko’prog'i qishloq joylarda yashaydi. Qishloq va tumanlarda ishsizlik darajasi 60-70 foizdan ortiqligi ta'kidlanadi. Saylovdan avval O'zbekiston Oliy Majlisi mamlakatda minglab yangi ish o'rinlarini yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Biroq bu tashabbusning qanday bajarilishi noma'lumligicha qolmoqda. Sharhlovchilar nazarida muammo ish o'rinlari yo'qligida emas, ish uchun munosib haq to'lamaslikda bo'lib qolmoqda. Ish qidirib ketayotgan o'zbek muhojirlari oqimi esa yanada ko'payishi mumkin.

“Akusherlik diplomim bor edi, lekin ishga olish uchun juda katta pul so’rashdi. Shundan keyin Rossiya ketishga majbur bo'ldim. Borib ishlab kelaman, uy olaman deb o'ylagandim, lekin afsus bunday bo'lmadi”, - deydi yaqinda muhojirlikdan qaytgan ayol.

2010 yil O'zbekistonda “Barkamol avlod” yili deb ataldi. Bu borada davlat dasturi qabul qilindi. 2010 yilda hukumatning bolalarga munosabati o'zgaradimi-yo'qmi, noaniq. Biroq 2009 yilda bolalar har yilgidek ommaviy tarzda paxta terimiga jalb qilindi. Ayrim faollar 2010 yilda fuqarolik jamiyatiga munosabat yumshay boshlashi mumkin degan umiddan xoli emaslar.

“2009 yilda O'zbekistonga nisbatan siyosatda yumshashlar bo'ldi. Yevropa Ittifoqi sanksiyalardan voz kechdi. AQSh ham O'zbekistonga yon bosdi. Shu ma'noda bu yil demokratik G'arbning yon berish yili bo'ldi deyish mumkin→. Ichki siyosatda hech narsa o'zgargani yo'q. Hatto yomonlashdi deyish mumkin. Lekin baribir O'zbekiston izolyatsiyadan chiqadi, demokratik davlatlar bilan yaqinlashadi, mamlakatda yumshashlar paydo bo'ladi degan umid yo'q emas. 2010 yil "bahoridan" qandaydir iliq bir shabadalar kutayapmiz”, - deydi “Ezgulik” vakili Abdurahmon Tashanov.

2010 yilda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov hokimiyatga kelganiga 20 yildan oshadi.

XS
SM
MD
LG