Prezident Obama Eron hukumati harakatlarini qoralamoqda


Eronda mamlakat bo'ylab o'tkazilgan namoyishlarning qattiqqo'llik bilan bostirilishi xalqaro jamoatchilik tomonidan tanqidga uchramoqda. Prezident Barak Obama Eronda begunoh fuqarolarga nisbatan qo'llanilgan hatti-harakatlarni qoralagan. Rasmiy Tehron va xususan Eron Oliy majlis spikeri Ali Larijoniy tanqidlarni inkor etgan holda AQSh rahbarining bayonotiga norozilik bildirgan.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar xalqaro hamjamiyat kabi Eronda begunoh fuqarolarning zo'rlik va adolatsiz ravishda ta'qib etilib, hibsga olinishlarini, buning natijasida ba'zilarining jarohat olgani va hattoki nobud bo'lganini qattiq qoralaydi.

Repressiyalarga uchragan xalq jasorati dunyo hurmat-e'tiborini qozondi, deydi Obama.

"Erondagi voqealar na Qo'shma Shtatlar va na boshqa bir davlat uchun qilinmoqda. Bu Eron xalqining adolat va yaxshiroq hayot uchun intilishlariga yetishish maqsadida qilinayotgan ishdir. Eron rahbariyati qo'rquv va bosim bilan xalq harakatini to'xtata olmaydi", - deydi AQSh prezidenti.

Barak Obama, shuningdek, rasmiy Tehronni fuqarolar haq-huquqlarini hurmat qilib, adolatsiz nazoratga olingan faollarni ozod etishni so'ragan.

Yevropa Ittifoqi ham so'z erkinligi va tinch namoyishlar o'tkazish huquqidan foydalangan oddiy fuqarolarning shafqatsiz ravishda bostirilishini qoralamoqda.

Rasmiy Tehron muxolif namoyishchilarga qarata o't ochilgani haqidagi da'volarni asossiz deb, qurbonlar to'qnashuvlar paytida jon berganini aytadi.

Xabarlarga ko'ra, namoyishlar chog'ida kamida 8 kishi o'lgan, o'nlab odamlar jarohat olgan. Xavfsizlik kuchlari ko'zga ko'ringan muxolifatchilardan ba'zilarini hibsga olgan.

Namoyishlar Vashingtonda ham bo'lgan. Oq uy qarshisida. Ko'plab eronlik amerikaliklar vatanidagi islohotchi muxolifat harakatiga xayrixohlik bildirib, Amerika jamoatchiligi diqqatini Erondagi voqealarga qaratishga urinmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs AQSh hukumati Eron rejimining qonuniy yoki qonuniy emasligini hal qilmaydi degan.

XS
SM
MD
LG