Cho'chqa grippi tarqalishda davom etmoqda


Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining ogohlantirishicha, H1N1 - cho’chqa grippi virusi kelasi yil mobaynida dunyo bo’ylab tarqalishda davom etadi.

“Xavotir shundaki, virus tarkibi o’zgarib, yana millionlab insonlar hayotini xavf ostiga qo’yishi mumkin”, - deydi tashkilot rahbari Margaret Chen.

Cho’chqa grippi bugungacha 200 dan ortiq mamlakatda aniqlanib, virusdan o’lganlar soni 12 mingdan oshgan.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti olib borayotgan kuzatuvlardan shunisi ma’lumki, gripp tarqalish sur’ati AQSh, Kanada va Yevropaning ayrim qismlarida biroz sekinlashgan. Dunyoning boshqa qismlarda, jumladan Misr va Hindistonda shuning aksi.

“Gripp epidemiyasi chekinmoqda deyishga hali erta. Jahon Sog’liqni Saqlash tashkiloti va unga a’zo davlatlar kelasi bir yilda vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etadi”, - deydi tashkilot boshlig’i Margaret Chen.

Bundan bir necha yil oldin dunyoni vasvasaga solgan parranda grippi tarqalgan davr bilan qiyoslaganda, deydi Chen, bugun aksar jamiyatlar virus bilan olishishga ko’proq tayyor. Cho’chqa grippiga qarshi vaksina Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti orqali kambag’al davlatlarga tarqatila boshlangan.

Ammo kuchli choralarga qaramasdan, bemorlar soni o’sishda davom etmoqda. Mutaxassislar fikricha, virus tarkibi va tarqalish xususiyatlari o’zgarsa vaziyat keskinlashishi mumkin.

XS
SM
MD
LG