O'zbekiston qo'shnilar bilan murosa qilishga urinmoqda


Markaziy Osiyo davlatlari yangi yilga qadam qo’yar ekan, ayrim ziddiyatlar yechimini topayotgandek.

Xususan, o'zbek-qirg'iz rasmiylari murosaga erishgan.

O'zbekiston gaz narxi borasida imtiyoz berishga rozi, Qirg'iziston esa Toshkentni anchadan buyon bezovta qilib kelayotgan suv to'g'onlarini qurish masalasida qo’shnining talablarini inobatga olmoqchi.

Yangi yil arafasida Toshkentda o'zbek-qirg'iz hukumatlararo komissiyasi o'z ishini yakunladi. Muzokaralar mintaqa aloqalarida, xususan, O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlarda o’zaro hamkorlik kelishuvlari boshlanayotganidan darak beradi.

Qirg’iziston Bosh vaziri Daniyar Usenovni qabul qilgan O’zbekiston prezidenti Islom Karimov munosabatlar rivojlanishiga umid bildirdi.

Muzokaralar bir qadar unumli kechgan deyish mumkin: Qirg'iziston tomoni Qambarota GESi qurilishi bo'yicha xalqaro ekspertiza o'tkazish talabiga rozilik bergan. O'zbekiston esa 2010 yilda Qirg’izistonga sotiladigan gazni arzonroq qilgan. Shuningdek, davlatlar chegaraning ayrim qismlarini delimitatsiya/demakratsiya qilish ishlarini boshlash haqida bir to’xtamga kelgan.

Ta’kidlash lozim, bu siljishlar so’nggi paytda O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida kuzatilgan ziddiyatlar ortidan amalga oshmoqda. Ayniqsa, suvdan foydalanish masalasi, chegara hududidagi vaziyat bo’yicha munosabatlar keskin bo’lib qolayotgan edi.

Sharhlovchilar fikricha, munosabatlardagi siljishlar sababi turlicha, jumladan, qish mavsumida energoresurlarga ehtiyoj ortishida ham gap ko’p.

“Mintaqada ijobiy bir o’zgarish kuzatilayapti deyish mumkin. Umuman, muammolarni rahbarlar darajasida hal etish payti keladi. Buni Qirg’iziston-Turkmaniston munosabatlarida ham ko'rish mumkin. O'zbekiston va Qirg’iziston orasida har doim gaz masalasi muhim bo'lib kelgan. Bir jihatdan buni mavsumiy jarayonga ham yo'yish mumkin. Qish yaqinlashmoqda - Qirg'iziston O'zbekiston gaziga juda muhtoj”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Ma’lumotlarga ko’ra, 30 dekabr kuni Toshkentda o'tgan muzokaralarda 2010 yil uchun Tojikiston bilan gaz bo’yicha shartnoma imzolangan. Rasmiy Toshkent gaz bahosi dunyo bozoridagi narxlarga bog'liq bo'lishini ta'kidlagan.

Sharhlovchilar mintaqa davlatlari o'rtasidagi ziddiyatlarda Rossiya ishtirokini alohida ta'kidlab keladi. Jumladan, suv-energetika masalasida Rossiyaning turli davlatlarga tulicha va'dalar berishda davom etayotgani mintaqada ixtilofni kuchaytirayotgan omillardan ko'riladi. Mulohazalarga ko'ra, so'nggi paytda mintaqada Xitoy ta’sirining kuchaya boshlashi, jumladan, Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz quvurlari tortilishi Rossiya ta'sirini bir oz cheklagan.

“Yaqingacha mintaqa davlatlari Rossiya quvurlariga muhtoj bo'lib kelayotgan edi. Bu esa ularni iqtisodiy-siyosiy jihatdan Rossiyaga qaram qilib qo’yayotgan edi. Meningcha, Xitoyning iqtisodiy jihatdan kuchayishi mintaqa davlatlariga shu ta'sirdan himoyalanishga imkoniyat beradi”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

O'zbekiston-Qirg'iziston ziddiyatlari ham Rossiya ta'siridan xoli emas. Suv to'g'onlaridan tortib qo'shimcha harbiy baza ochish masalasida Kreml manfaatlari alohida ta’kidlanadi.

“Hozir gap faqat mintaqa davlatlarining o'zida. Hammasi umumiy kelishuvga erishishga bog'liq. O'zbekiston ham mintaqaviy siyosatini jadallashtirsa, hech qanday qudratli davlat aralashuviga hojat qolmaydi. Rossiya bilan aloqalar o'z yo'lida davom etaveradi”, - deydi sharhlovchi Farhod Tolipov.

Din, madaniyat va etnik jihatdan juda yaqin bo'lgan bu davlatlarning aloqalarida hozirgacha turli ziddiyatlar kuzatilgan. Mintaqa hamon biror mustaqil hamkorlik tashkilot tuzib, birlasha olmagan.

XS
SM
MD
LG