BMT: Iqlim o'zgarishi inson salomatligiga tahdid


Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Margaret Chen iqlim o'zgarishi odamlar salomatligiga jiddiy tahdid deya ogohlantirmoqda. Ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar aholisiga qiyin bo'ladi, deydi u.

Margaret Chen Kopengagenda iqlim o'zgarishiga doir o'tgan yirik xalqaro anjumanda aniq bitim qabul qilinmaganidan afsusda ekanini aytadi. Shunga qaramay BMT rasmiysi davlatlarning qo'shma harakati tufayli harorat ko'tarilishining oldi olinishiga mumkinligiga umid qilmoqda.

Margaret Chen deydiki, iqlim o'zgarishi natijasida suvning o'ta kamayishi yoki ko'payishi millionlab odamlar salomatligiga zarar qiladi. Masalan, toshqin, ayniqsa suv tarkibi zararli bo'lsa, ko'plab kasalliklar, jumladan ich ketish va vaboga yetaklashi mumkin.

Boshqa tomondan, deydi u, suv kamaysa, qurg'oqchilikdan hosil zarar ko'radi.

"Bashoratlarga ko'ra, agar ahvol yaxshilanmasa, kelasi 20-30 yil ichida Afrikada hosildorlik 50 foizga qisqaradi. Bu esa, tabiiyki, usiz ham qashshoq qit'ada ochlik va turli xil epidemiyalarni kuchaytiradi," - deydi BMT rasmiysi.

Olimlarga ko'ra, sayyora harorati asta-sekin ko'tarilib borsa-da, ob-havo keskinlashishi tez-tez uchrab turadi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hisobicha, iqlim o'zgarishiga bog'liq kasalliklardan hozirning o'zida millionlab odamlar, xususan to'yib ovqat yemaslikdan yiliga 3,5 million kishi, ich ketishdan salkam 2 million, bezgakdan 1 million odam nobud bo'lmoqda.

Margaret Chenning aytishicha, bu muammolar borgan-sayin keskinlashib boradi. Masalan, chivinlar ko'payib bezgak kuchayadi.

XS
SM
MD
LG