Eronda muxolifatchilar jazolanmoqda


Eronda konservativ guruhlar muxolifat faollarini keskin jazolashga chaqirmoqda. So'nggi bir necha kun ichida qator muxolifatchilar hibsga olingan. Mutaassib arboblar avfga o'rin yo'q demoqda.

Eron hukumati muxolifatni ta'qibga olishda davom etar ekan, hibsga olinganlar taqdiri sud hay'ati hukmiga havola etilmoqda. Ichki ishlar vaziri Mustafo Muhammad Najjarning da'vo qilishicha, muxolifat xorijiy hukumatlar nog'orasiga o'ynamoqda.

Uning aytishicha, hibsdagilarning ba'zilari mujohid bo'lsa, boshqalari ajnabiy kuchlar va hukumatlar agentlari.

Eron vaziri hukumat muxolifat talablariga hech qachon ko'nmaydi deydi.

Najjarning ta'kidlashicha, mujohidlar, monarxistlar, amerikaliklar va britaniyaliklar mamlakat boshqaruvi haqida orzu qiladi, ammo orzusi ushalmaydi.

Eron Oliy sudi raisi Sodiq Larijoniy ham namoyishchilarga qarshi fikr bildirgan.

Barchasi shariat va dunyoviy qonunlarga ko'ra sud qilinadi, deydi bosh hakam.

Unga ko'ra, hukm chiqarishda siyosiy masalalarni inobatga olish lozim.

"Ushbu vaziyatda qonunni to'g'ri ishga sola bilish uchun siyosiy jarayonlarni anglab yetish zarur. Biroq bu bilan prokurorlar unga aralashadi degani emas. Bu shunchaki xato qarorlarning oldini olish uchun kerak", - deydi Larijoniy.

Londonda faoliyat yurituvchi arabshunos va eronshunos Mehrdad Xonsariyning aytishicha, hukumat murosa qilmoqchi emas.

"Har bir murosa, har bir o'zgarish Islom Respublikasi ildiziga urilayotgan boltadir", - deydi tahlilchi.

Hukumat tarafdorlari muxolifatga yon bosayotgan diniy ulamolarni lavozimidan chetlatishga chaqirmoqda, xususan Oliy Oyatullo Yusuf Sanoiy va Oyatullo Ali Muhammad Dastg'oyibni.

XS
SM
MD
LG