Breaking News

Eron Markaziy Osiyodagi nufuzini oshirmoqchi


Eron prezidenti bugun Ashgabatda turkman rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov bilan gaz savdosini oshirish haqida muloqot qilgan.

Mahmud Ahmadinajodning qayd etishicha uning davlati Turkmanistondan yonilg’i importini ko’paytiradi. Buni ta’minlovchi yangi quvur ochilmoqda.

Eron har yili qo’shni mamlakatdan 20 milliard kubometr gaz ola boshlaydi. Yangi quvur 30 kilometrga cho’zilgan bo’lib, u ulangan buloq aslida Rossiya uchun ko’zlangan edi.

Gaz bahosi ustida kelishmovchiliklar davom etar ekan, Rossiyaga eksport o’tgan bir yil ichida sezilarli darajada kamaydi.

Turkmaniston Eronga tabiiy boyligini qanday narxda sotayotgani ma’lum emas, ammo bu davlat gaz xaridorlarini safini kengaytirish niyatida ekanini yashirmayapti.

Ahmadinajod Ashgabatga borishdan oldin Dushanbeda Imomali Rahmon bilan ham muzokaralar olib borgan.

Tojikiston hukumati nazarida Eron atom dasturi tinch maqsadlarni ko'zlaydi. "Uni qo'llab-quvvatlaymiz",- deydi Imomali Rahmon. G'arb davlatlari, ma'lumki, bu qarashdan yiroq. Tojik prezidenti fikricha oradagi nizolarga diplomatik yechim topish kerak.

Eron va Tojikiston ichki tizimlarni mustahkamlash, qishloq xo'jaligi, transport va energetika sohalarini rivojlantirish uchun birdalikda ishlashga kelishgan.

Sharhlovchilari izohicha Eron va Tojikiston hamkorligini qanday yo'nalishlarda rivohjlanishi, ayniqsa suv energetikasi bo'yicha hamkorlik O'zbekistonni befarq qoldirmaydi.

“Ziddiyatlar bor albatta. Eron bu borada Rossiyani mavqeidan ham yaxshi xabardor. O'zbekistonning pozitsiyasini, uning Tojikistonda daryolar bo'yida elektrostansiyalar qurilishiga qarshiligini biladi. Shu vaziyatga qaramasdan yangi imzolangan kelishuvga ko'ra, Eron bir nechta loyihalarni moliyalashtirishni o'z bo'yniga olgan ”, - deydi mintaqaning yaqin va qadim tarixi bo'yicha mutaxassis Fayzulla Isxoqov.

Eron ayni paytda Tojikistondagi Sangdut GES qurilishini moliyaviy jihatdan quvvatlamoqda. O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida bahs-munozaralarga sabab bo'lib kelayotgan Rong'un to'g'oni qurilishida Eronning ishtiroki haqida ma'lumotlar yo'q.

Ahmadinajodning Turkmanistonga safari ham, yuqori tilga olinganidek, asosan energetik loyihalar bilan bog'liq.

Markaziy Osiyo davlatlari, Tojikistonni hisobga olmaganda, xalqaro hamjamiyatda keng muhokama qilinayotgan va G'arbni xavotirga solib kelayotgan Eron yadroviy dasturiga nisbatan aniq pozitsiya bildirmay keladi.

“Biznikilar hozircha bu borada ochiq oydin bir gap aytishmadi. Hamma Rossiya nima deyishini poylab turibdi. Rossiya Eronda atom elektrostansiyasini qurgan. Buni isbot qilish qiyin, lekin Rossiyaning yordamisiz Eron atom dasturini bunchalik rivojlantira olmagan bo'lardi. Gap shunda. Buni G'arb ham yaxshi biladi”, - deydi Fayzulla Ishoqov.

Eronda ichki vaziyat og'ir ekani ma'lum. O'tgan yilning iyun oyidagi prezident saylovlaridan keyin boshlangan muxolifat namoyishlari tinmagan. Hukumat ularni ayovsiz bostirishga harakat qilmoqda.

“Erondagi islomiy inqilob katta siyosiy voqea bo'lgan edi. Lekin oradan 30 yil o'tib ham Eron xalqi kutgan narsalariga erishmadi. Bu avvaldan pishib yetilib kelyotgan ijtimoiy yara. Bugun uning oqibatlariga guvohmiz. Erondagi moddiy hayot darajasi ham talabga javob bermaydi. Siyosiy hayot ham qaltis. Mana saylovlar buni ko'rsatdi. Zo'ravonlik kuchaygan, demokratik harakatlar bostirilmoqda”, - deydi siyosatshunos Akbar Aliyev.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG