AQSh Yamandan dadil harakat kutmoqda


AQSh Mudofaa vazirligi Yaman hukumatiga terrorizmga qarshi kurash va qurolli kuchlarini takomillashtirish uchun moliyaviy yordam bermoqchi. AQSh davlat kotibasi nazarida Yamandagi vaziyat ham mintaqaviy, ham global xavfsizlikka tahdid.

O'tgan kuni AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo'mondonligi rahbari general Deyvid Petreus Yamanga harbiy yordam ko'rsatamiz degan edi.

Petreus o'tgan yili ajratilgan 70 million dollarlik yordamga yana shuncha qo'shilishini aytgan.

Biroq dushanba kuni Pentagon matbuot kotibi Brayan Vitman Yamanga aynan qanday miqdorda harbiy yordam berish haqida qaror qilinmagan degan.

Joriy yilda Qo'shma Shtatlar hamkor davlatlarga terrorizmga qarshi kurash uchun jami 350 million dollar berishni rejalagan.

Bu o'rtada AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Yamandagi notinch vaziyatni va al Qoidaning mamlakatdan o'z bazasi sifatida foydalanishi tashvishga molik degan.

"Qo'shma Shtatlar mintaqadagi davlatlar bilan xavfsizlikni ta'minlashga harakat qilyapti", - deydi u.

Bugun Yaman hukumati al Qoidaga aloqador 5 kishini qo'lga olganini ma'lum qilgan. AQSh va Britaniya esa Yaman poytaxti Sanoda terror tahdidi bois ikki kun ilgari yopilgan elchixonalarini qayta ochgan.

Xillari Klinton Yaman hukumatining ekstremistlarga qarshi harakatlarini yuqori baholaydi.

"Yamanda turli mojarolar bo'lib turadi. Xalqaro hamjamiyat ularni bartaraf etishda hukumatdan dadil chora va qadamlar kutmoqda", - deydi AQSh rasmiysi.

XS
SM
MD
LG