Krizis va gastarbayter. Kimga qanaqa?


Bryusselda joylashgan Xalqaro inqirozlarni o'rganish guruhi Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari taqdiri va global iqtisodiy tanazzul asoratlari haqida hisobot chiqargan. Unda aytilishicha, mintaqa davlatlari iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish o'rniga, "gastarbayterlar" yuborgan pulga boqimanda bo'lib, katta xato qilgan.

Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng Markaziy Osiyoning Tojikiston, Qirg'iziston va O'zbekiston respublikalarida iqtisodiy ahvol yomonlashgach, ko'plab fuqarolar pul ishlash maqsadida nisbatan oyoqqa turib olgan Rossiya va Qozog'istonga bordi. Bu davlatlar mehnat bozori millionlab muhojirlarga to'ldi. Eng og'ir ishlar ularning gardaniga tushdi. Qurilish, farroshlik, yuk tashish…Ular ishlab topgan pul esa vatanda iqtisodiyotni tirab, oilalarini tushkunlikdan saqladi.

Xalqaro inqirozlarni o'rganish guruhi tadqiqotlariga ko'ra, 2008 yilda muhojirlar vataniga yuborgan pul Tojikistonda yalpi ichki mahsulotning yarmi, Qirg'izistonda choragi, O'zbekistonda esa nimchoragiga to'g'ri kelgan.

Bu mamlakatlar, deyiladi tashkilot hisobotida, yolg'iz iqtisodiy emas, siyosiy tomondan ham foyda ko'rdi. Ijtimoiy tartibsizlik o'chog'i deb ko'rilayotgan yosh erkaklar vatandan chiqib, namoyish va zo'ravonliklar ehtimoli deyarli yo'qqa chiqdi.

Biroq o'sha yili jahonni qamray boshlagan iqtisodiy inqiroz Rossiya va Qozog'istonga ham qattiq zarar yetkazdi. Ko'p ish joylari qisqardi, bu davlatlar chetdan ishchilar uchun kvotalarni kamaytirdi. Natijada yuz minglab mehnat muhojirlari vataniga qaytishga majbur bo'ldi. Bu esa na tanazzul va na fuqarolarining qaytishiga tayyor respublikalar ahvolini yanada og'irlashtirdi. Ayniqsa Tojikiston va Qirg'izistonda vaziyat murakkablashdi.

Toshkentdagi Tezkor guruh tahlil markazi eksperti Suhrob Ismoilovning aytishicha, krizis ko'plarning qaytishiga sabab bo'lsa-da, Rossiyada hali yana ko'p muhojirlar qolgan.

Muhojirlarning qaytishi mintaqa hukumatlarini siyosiy tomondan ham xavotirga soldi. Ba'zilar diniy guruhlar va muxolifat Rossiya va Qozog'istonda tashviqot ishlarini faollashtirib, mehnat muhojirlaridan siyosiy kuch sifatida foydalanadi, deya bashorat qilgan.

Bu borada ayrim harakatlar va urinishlar bo'lganiga qaramay, deyiladi Xalqaro inqirozlarni o'rganish guruhi hisobotida, diniy guruhlar va muxolifat muvaffaqiyatidan darak yo'q.

Muhojirlarning Qozog'iston va ayniqsa Rossiyada krizisdan tashqari yana bir dushmani bor - millatchilik.

Xalqaro inqirozlarni o'rganish guruhi vitse-prezidenti Alan Diletrozning aytishicha, Rossiyada jamoatchilik va matbuot muhojirlarning iqtisodiyotga foydasidan ko'ra zararini ko'proq hisob-kitob qiladi.

"Xususan "gastarbayterlar" qancha soliq to'lamadiyu, mamlakatdan vataniga qancha pul jo'natdi", - deydi mutaxassis.

Rossiyada o'tkazilgan so'rov ishtirokchilarining 47 foizi ishchi migrantlar jinoyatchilik va turli kasalliklar manbai desa, 60 foizi ularni terror tahdidi sifatida ko'radi. 2008 yilda 97, 2009 yilning dastlabki 9 oyida esa 48 muhojir millatchilar qo'lidan nobud bo'ldi.

Biroq shu bilan birga, deydi hisobotni tayyorlagan guruh vitse-prezidenti Alan Diletroz, muhojirlar Rossiyaga kerak.

"Rossiya aholisi soni, mamlakatda tug'ilish sur'ati pasayib borar ekan, muhojirlar havo va suvday kerak. Ayniqsa Markaziy Osiyodan. Chunki bular rus tilini biladigan, ba'zilari Sovet Ittifoqida ta'lim olgan, rus madaniyatini tushungan xalqlardir", - deydi Diletroz.

Markaziy Osiyo davlatlari va xususan O'zbekiston global krizis ularga ta'sir qilmaganini aytsa-da, muhojirlarning vatanga qaytishi o'ziga yarasha mahalliy krizisga sabab bo'lmoqda. Hukumat ish yarmarkalari orqali ularni band qilishga harakat qilmoqda. Biroq, deydi sharhlovchi Bobomurod Razzokov, ish bo'lgani bilan maosh to'lanmaydi.

Alan Diletroz bashoratiga ko'ra, mintaqa davlatlari iqtisodiyotini ko'tarmas, aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilamas ekan, qo'lida hunari bor va oliy ma'lumotli fuqarolar mamlakatni tark etib, xorij davlatlarida o'rnashib qoladi.

Ayni damda mehnat muhojirlari ham, hukumatlar ham krizis tugashini kutmoqda. Shunda muhojirlar pul ishlashga qaytadi, hukumatlar esa iqtisodiy islohotlarni yana bir necha yilga chetga surib qo'yishi mumkin bo'ladi.

XS
SM
MD
LG