Prezident Obama razvedkani loqaydlikda ayblamoqda


Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, o’tgan yilning Rojdestvo bayrami Amerika tarixiga yana bir fojiali kun sifatida kirishi mumkin edi.

25 dekabr kuni Nigeriya fuqarosi Yevropadan AQShga qariyb 300 odamni olib ketayotgan samolyotni portlatishga uringan.

Obama ma’muriyati bu voqea ketidan terrorda gumon qilingan o’nlab shaxslarni qora ro’yxatga qo’shgan. Butun xavfsizlik tizimi tekshiruv ostida.



Aksar aeroportlarda xavfsizlikka e’tibor oshgani navbatni uzaytirsa-da, yo’lovchilar buni bosiqlik bilan qabul qilmoqda.

“Bu o’zgarishlarga hecham e’tirozim yo’q. Qancha tekshirishsa shuncha yaxshi. Tinchgina uchamiz”, - deydi yo’lovchilardan biri.

Amerikada terroristik hujum sodir etishga urinish barchani oyoqqa turg’azgan. Mamlakatga kirish-chiqish, tekshiruv tartibi kuchaytirilmoqda.

“Al-Qoida va unga aloqador guruhlar AQShni nishonga olishning yangidan-yangi yo’llarini izlamoqda. Biz ham shunga yarasha javob beramiz”, - deydi Barak Obama.

Oq uyda prezident mamlakat xavfsizligi uchun mas’ul 20 dan ortiq rasmiylar bilan uchrashib, bayram arafasida ro’y bergan voqeani muhokama qildi. Ular quyidagi savolga javob berishi kerak: Umar Farrux Abdul Mutallabning otasi, nigeriyalik tadbirkor o’g’lining ekstremistik qarashlari haqida AQSh hukumatini xabardor qilgan bo’lsada, nega u samolyotga qo’yildi?

“Razvedka va xavfsizlik tizimi pand berdi”, - deydi Barak Obama. “Ochig’ini aytadigan bo’lsak, Amerika hukumati qo’lida Abdul Mutallab haqida va u ko’zlagan hujumni fosh etish uchun yetarli dalil-ma’lumot bo’lgan. U allaqachon qora ro’yxatga kiritilishi kerak edi. Gap razvedka idoralari mavjud ma’lumotdan to’g’ri foydalana olmaganida”.

AQSh rahbari xalqaro yo’nalishlarda uchayotgan yo’lovchilarni qattiqroq tekshirish, terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni samolyotga yaqinlashtirmaslik borasida ko’rsatma bergan.

Bu degani - yo’lovchilar aeroportga ertaroq kelib uzoqroq navbatda turishi, obdon tekshiruvdan o’tishi kerak bo’ladi. Ishni tezlashtirish uchun aeportlarni zamonaviy skaner va texnologiyalar bilan jihozlash rejalangan. Hukumat ixtiyoridagi jamiki ro’yxatlarni ham yangilamoqda.

Nigeriyalik Umar Abdul Mutallab ustidan tergov davom etyapti. AQSh Davlat departamenti u va qator boshqa shaxslarning vizasini bekor qilgan.

Departament berayotgan ma’lumotga ko’ra, terrorizm homiysi deb qayd etiluvchi quyidagi davlatlar fuqarolari Amerikaga kelayotganda alohida tekshiruvdan o’tadi: Kuba, Eron, Sudan va Suriya.

Shuningdek, Afg’oniston, Jazoir, Iroq, Livan, Liviya, Nigeriya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali va Yamandan yoki bu mamlakatlar orqali kelayotgan yo’lovchilar ham izchil tekshiriladi.

XS
SM
MD
LG